Osiyo taraqqiyot banki Oʻzbekiston iqtisodiyotining barqaror oʻsishini prognoz qildi
Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) soʻnggi prognozlariga koʻra, Oʻzbekistonning iqtisodiy oʻsishi yuqori darajada saqlanib qoladi va 2026-yilda 6,7 foizni, 2027-yilda esa 6,8 foizgacha koʻtarilishni tashkil etadi. Bu haqda bankning 2026-yil aprel oyidagi “Osiyo rivojlanish istiqbollari” (ADO) hisobotida soʻz boradi.
Aniqlik kiritilishicha, ushbu prognozlar 10-mart holatiga koʻra shakllantirilgan boʻlib, ular Yaqin Sharqdagi nizoning tez orada barqarorlashishi ssenariysi va yuqori darajadagi noaniqliklarni inobatga olgan taxminlarga asoslangan.
2025-yilda iqtisodiyotning barcha asosiy tarmoqlaridagi kuchli koʻrsatkichlar tufayli oʻsish surʼatlari tezlashib (7,7 foiz darajasida), kutilganidan yuqori boʻldi.
Xizmat koʻrsatish sohasi oʻsishning asosiy drayveri boʻlib qoldi va 14,7 foizga oʻsdi. Bunga savdo, logistika, raqamli xizmatlar va turizm rivoji xizmat qildi. Sanoat (qurilishdan tashqari) 6,8 foizga oshdi. Qurilish sohasi uy-joy va infratuzilmaga kiritilgan faol investitsiyalar hisobiga 14,2 foizlik jadal oʻsishni koʻrsatdi. Qishloq xoʻjaligi oʻsimlikshunoslik va chorvachilikning barqaror oʻsishi fonida 4,4 foizga koʻpayib, iqtisodiyotga oʻz hissasini qoʻshdi.
“Oʻzbekiston keyingi ikki yilga kuchli iqtisodiy pozitsiya bilan, barqaror ichki talab, yuqori darajadagi investitsiyalar va davom etayotgan tarkibiy islohotlarga tayangan holda qadam qoʻymoqda. Izchil islohotlar va fiskal intizom tashqi noaniqliklar sharoitida iqtisodiyotning chidamliligini oshirdi. Kelajakdagi vazifa esa xususiy sektorga asoslangan yanada samarali oʻsishga oʻtishdan iborat”, — dedi OTBning Oʻzbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya.
2025-yilda ichki talab iqtisodiy oʻsishning asosiy tayanchi boʻlib qoldi. Bunga aholi daromadlarining ortishi, faol tadbirkorlik va yuqori investitsiyalar sabab boʻldi. Uy xoʻjaliklarining real daromadlari 9,2 foizga, jami investitsiyalar hajmi esa 10,5 foizga oʻsdi.
Inflyatsiya kutilganidan tezroq pasaydi: 2024-yildagi 9,8 foizdan 2025-yilda 7,3 foizgacha tushdi. Bu qatʼiy pul-kredit siyosati, almashuv kursining mustahkamlanishi va xarajatlarning kamayishini aks ettiradi.
Inflyatsiya sekinlashishda davom etishi kutilmoqda:
2026-yilda — 6,5 foiz;
2027-yilga borib esa Markaziy bankning 5,0 foizlik oʻrta muddatli maqsadli koʻrsatkichiga yaqinlashishi prognoz qilinmoqda. Energiya resurslari tariflarining qayta koʻrib chiqilishi va oziq-ovqat taʼminotidagi xavflar bu jarayonni vaqtincha sekinlashtirishi mumkin.
Byudjet taqchilligi muhim ijtimoiy xarajatlar saqlab qolingan holda YIMga nisbatan 2,1 foizgacha qisqardi. Eksport, turizm tushumlari va pul oʻtkazmalarining oʻsishi hisobiga tashqi pozitsiyalar mustahkamlandi, xalqaro zaxiralar esa yetarli darajada saqlanib qoldi.
Oʻzbekiston iqtisodiy siyosati uchun asosiy chaqiriq boʻlib davlat korxonalarini isloh qilish va Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlish orqali iqtisodiyotning tarkibiy transformatsiyasini tezlashtirish qolmoqda. JSTga aʼzolik islohotlarni mustahkamlash, raqobatbardoshlikni oshirish va yuqori sifatli investitsiyalarni jalb qilishga yordam berishi kutilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring