Orzuqul boboning bogʻi
Foto: Халқ сўзи
Orzuqul bobo nafaqaga chiqqanida teng-toʻshlariga “Endi shunday bir bogʻ yaratayki, hammaning havasi kelsin” degan edi. Shunda uning joʻralari miyigʻida kulib, «Sharting ketib, parting qoldi, bugun belim, ertaga oyogʻim ogʻridi, deb yurmagin tagʻin», deya beozor koyishgandi. Negadir bu gap Orzuqul boboga ogʻir botdi va nafaqaga chiqqan kunning ertasigayoq ketmonni olib, tomorqaga kirib ketdi.
Bugun otaxon ikki kam sakson yoshni qoralagan. U yaratgan bogʻ hosilga kirib, Koson tumanidagi Chorbogʻ qishlogʻiga bir ajib koʻrk va tarovat baxsh etib turibdi. Bogʻda yoʻq daraxtning oʻzi yoʻq. Hammasi payvand qilingan. Hosilga kirganida shoxlarini koʻtara olmaydi. El yaxshini alqaydi, deganlaridek, bogʻni koʻrganlar «Jannatning oʻziya, Orzuqul bobo baraka topsin» deyishadi. Yoshlar esa «Orzuqul boboning bogʻi» deb nom qoʻyib olishgan.

— Hech keksalikka boʻyin bergim kelmaydi, — deydi Orzuqul bobo. — Qoʻlimga ketmonni olganimda kuch quyulib kelaveradi. Boʻlmasa, qarang, 45 sotix joyni bir oʻzim gullatib qoʻyibman. 10 tup gilos, 20 tup bodom, 20 tup anor, 20 tup qaroli, 100 tupdan ziyod tok bor. 12 sotix joyda issiqxona qurib, 100 tup limon va mandarindan moʻl hosil olyapman. Limon tagiga kartoshka ekkandim, hozir hosilini kovlab sotyapman. Bogʻning daromadi barakali.
Orzuqul bobo nabiralarini “Oʻrigidan magʻizi shirin!” deb erkalaydi. “Bogʻdan kelayotgan daromadning hammasini 20 nafar nabiramga ataganman, ularning yaxshi kunlariga ishlataman”, deydi otaxon samimiy jilmayib.
Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring