Orzumizdagi Bobur shahri dunyoni birlashtiradi
Yaqinda Prezidentimiz Andijon viloyatiga tashrif buyurib, hududning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, infratuzilmasidagi ulkan yangilanishlar hamda aholi hayot sifatini oshirishga xizmat qilayotgan islohotlar bilan bevosita tanishdi. Ushbu tashrif nafaqat viloyat, balki butun Fargʻona vodiysi uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan bosqichni boshlab berdi. Davlatimiz rahbari tomonidan Andijon shahri yaqinida barpo etilayotgan yangi shaharchaga buyuk ajdodimiz, sarkarda, shoir va mutafakkir Zahiriddin Muhammad Bobur nomini berish taklifi ilgari surildi. Ushbu tashabbus nafaqat tarixiy adolatni tiklash, balki milliy oʻzligimiz, madaniyatimiz va taraqqiyot strategiyamizni yangi bosqichga olib chiqishning ramziy ifodasidir.
Zahiriddin Muhammad Bobur – Markaziy Osiyo tarixidagi eng serqirra shaxslardan biridir. U Temuriylar sulolasining vakili sifatida harbiy salohiyat, siyosiy donishmandlik va adabiy-maʼnaviy yetuklikni oʻzida mujassam etgan. Bobur nafaqat Hindistonda ulkan saltanat barpo etgan davlat arbobi, balki jahon adabiy merosiga “Boburnoma”dek tengsiz asarni hadya etgan yirik mutafakkirdir. Bu asar oʻzining chuqur kuzatuvchanligi, realistik tafakkuri va tarixiy faktlarga boyligi bilan Sharq adabiyotida noyob oʻringa ega.
Bobur shahri – kelajakda ilm, madaniyat, turizm va innovatsion rivojlanish maskani sifatida shakllanishi kutilayotgan hududdir. Bu yerda nafaqat zamonaviy infratuzilma, balki boburiy ruh, tarixiy-madaniy qadriyatlar uygʻun holda barpo etiladi. Bu – Oʻzbekistonning tarixiy ildizlari va zamonaviy taraqqiyot oʻrtasida barqaror koʻprik qurish demakdir. “Bobur shahri” nomi nafaqat respublika, balki xalqaro maydonda ham kuchli rezonans uygʻotadi. Bobur nomi bugun Hindiston, Pokiston, Afgʻoniston, Turkiya va boshqa koʻplab mamlakatlarda ehtirom bilan tilga olinadi. U barpo etgan Boburiylar imperiyasi asrlar davomida Sharq va Gʻarb sivilizatsiyalari oʻrtasida madaniy koʻprik boʻlib xizmat qilgan.
Agar Oʻzbekistonda Bobur nomidagi shahar vujudga kelsa, bu xalqaro miqyosda madaniy diplomatiya, ziyorat turizmi, ilmiy hamkorlik va yoshlar oʻrtasida tarixiy merosni oʻrganishga yangi surʼat bagʻishlaydi. Bu tashabbus Bobur merosini BMT, YUNESKO, TURKSOY kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida targʻib etishga zamin yaratadi.
Bugun Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlar – “avval inson, soʻngra islohot” tamoyili asosida, jamiyatning maʼnaviy yuksalishiga, oʻz-oʻzini anglashiga xizmat qilmoqda. Bobur shahri – ushbu strategik yondashuvning yorqin ifodasi sifatida qaralmoqda. Bu shahar kelgusida nafaqat arxitektura va texnologiyalar uygʻunligi, balki oʻzbek millatining madaniy timsoliga aylanishi mumkin.
Bugungi globallashuv davrida milliy oʻzlikni saqlash, tarixiy xotirani jonlantirish va uni zamonaviy taraqqiyot bilan uygʻunlashtirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. “Bobur shahri” nomli yangi maskanning tashkil etilishi – bu borada katta ijtimoiy, siyosiy va madaniy ahamiyatga ega tashabbusdir.
Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk siymolar nomini abadiylashtirish orqali biz nafaqat oʻtmish oldidagi burchimizni ado etamiz, balki kelajak avlodga yoʻl koʻrsatamiz.
Dilshodbek RUSTAMOV,
Andijon davlat chet tillari instituti rektori.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring