Oʻrtada sarson daraxtlar
Foto: Arxiv surat
Navoiy shahrining Energetik koʻchasidagi koʻpqavatli 12-uyning old qismida davlat zaxirasida boʻlgan 0.012 ga boʻsh yer uchastkasini 2020-yil 6-noyabr kuni auksion orqali 18 yoshli fuqaro Nodirbek Ochilov sotib oladi.
Nodirbek qurilish ishlarini amalga oshirish uchun ushbu yer maydonidagi 7 dona daraxtni kesishga ruxsat soʻrab, 2022-yili 17-yanvar kuni Davlat xizmatlari markazi orqali Navoiy viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga murojaat qiladi. Ushbu murojaatga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining 2022-yil 22-yanvar kunidagi javob xatiga asosan daraxtlarni kesishga rad javobi beriladi.
Shunga qaramasdan, N.Ochilov 25-yanvar kuni 2 dona gujum daraxtini oʻzboshimchalik bilan kesib, qurilish ishlarini boshlash niyatida yer uchastkalariga maxsus texnikalarni keltiradi. Mazkur holat shu atrofdagi koʻpqavatli uylarda istiqomat qilayotgan aholining haqli eʼtiroziga sabab boʻlib, aynan ularning noroziligi tufayli «daraxtkushlik» toʻxtatiladi. Navoiy shahar ekologiya inspeksiyasi va tegishli idoralar oʻrganishlari natijasiga koʻra mazkur holat boʻyicha N.Ochilov hamda J.Joʻrayevga nisbatan MJtK ning 79-moddasi 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobari miqdorida 12.150.000 soʻm jarima hamda 9.450.000 soʻm miqdorda tovon puli belgilanib, undirib olinadi.
Shundan soʻng tadbirkor tomonidan Davlat xizmatlari markazi orqali 5 dona manzarali yosh daraxtlarni koʻchirishga ruxsat soʻrab, Navoiy viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga 2022-yil 27-yanvar kuni takroran murojaat qilinadi. Bu safar mazkur boshqarma tomonidan 2022-yil 01-fevral kunidagi javob xatiga asosan 5 dona yosh daraxtlarni koʻchirishga ruxsat etiladi.
Biroq fuqaro N.Ochilov tomonidan 2022-yil 04-fevral kuni yuqoridagi 5 dona yosh daraxtdan tashqari yana 6 dona daraxt noqonuniy koʻchirilganligi holati Navoiy shahar ekologiya boʻlimi inspektorlari tomonidan aniqlanib, qonunbЎзбекчаuzarga nisbatan MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobari miqdorida maʼmuriy jarima qoʻllanadi. Bundan tashqari fuqaro N.Ochilov va J.Ochilovlardan ushbu daraxtlarning tutib ketishi, parvarishlanishi, hamda qoʻshimcha ravishda 50 dona manzarali daraxt koʻchatlarini ekish toʻgʻrisida kafolat xati yozdirib olinadi.
Mavzuga adolat qaror topdi, deya shu yerda nuqta qoʻysak ham boʻlardi. Biroq ancha ilgari hududda istiqomat qiluvchi aholi ushbu yer uchastkasida bolalar oʻyin maydonchasi qurish uchun ruxsat soʻrashganida rad javobini olishgan ekan. Bu yerda yashovchilarga alam qilayotgani ham shu aslida.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring