Orolboʻyida samarqandlik kardiojarroh va neyrojarrohlar tomonidan murakkab amaliyotlar oʻtkazildi

14:45 29 Mart 2022 Jamiyat
1141 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Qoraqalpogʻiston tibbiyot instituti klinikasida ilk bor yurakda tugʻma nuqsoni bor bemorlarda yuqori texnologik operatsiya amalga oshirildi. Respublika ixtisoslashgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyati filialining kardiojarroh shifokorlari boshchiligida oʻtkazilgan operatsiyalar muvaffaqiyatli kechdi.

— Ushbu jarrohlik amaliyotining oʻzimizda bajarilishi haqiqatan tarixiy voqea, — deydi Qoraqalpogʻiston tibbiyot instituti klinikasi bosh shifokori Davlat Hamidullayev. — Oldin Qoraqalpogʻistonda yurakni toʻxtatib, maxsus apparaturalarda sunʼiy qon aylanishini taʼminlagan holda ochiq operatsiya qilinmagan. Operatsiyalar juda yaxshi oʻtdi, hozircha asoratlar yoki birorta salbiy holat kuzatilmadi. Bemorlar oʻzlarini yaxshi his qilib, yurishni va ovqat yeyishni boshladilar. Biz samarqandlik hamkasblarimiz bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻygan holda bu boradagi ishlarni davom ettirmoqchimiz. Hozirda klinikamizdan bir guruh shifokorlar Respublika ixtisoslashgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyati filialida malaka oshirish uchun joʻnatilmoqda.

— Farzandimning yurak xastaligini davolatish uchun ancha harakat qildik, — deydi Sveta Shomuratova. — Toshkent shahriga ham borib koʻrikdan oʻtkazgan edik. Operatsiya uchun mablagʻ yetishmasligi va masofaning uzoqligi sabab shu kungacha operatsiya qildira olmagan edik. Mana, bugun malakali shifokorlarning oʻzlari Nukusga kelib, farzandimni bepul operatsiya qilishdi. Buning uchun, avvalo, mana shunday chekka hududlarda murakkab operatsiyalarni bajarish tizimini yoʻlga qoʻygan muhtaram Prezidentimizga, qolaversa, bemor bolalarning xasta yuraklariga shifo bergan samarqandlik shifokorlar va shu yerda yetarlicha sharoitlar yaratib berayotgan barcha tibbiyot xodimlariga minnatdorlik bildiraman.

Samarqand viloyatidan tashrif buyurgan kardiojarrohlar tomonidan tomonidan 4 nafar bemor yuragi operatsiya qilindi. Bundan tashqari samarqandlik neyrojarrohlar tomonidan bir bemor bolaning bosh miya qismidagi 4,5 santimetrlik xavfli shish olib tashlandi.

Maʼlumot uchun: Orolboʻyi aholisiga malakali chuqurlashtirilgan tibbiy xizmat koʻrsatish tizimi samarali roʻyobga chiqarilmoqda. Joriy yilning fevral oyida davolanishga muhtoj va ehtiyojmand bemorlarning 235 nafarida jarrohlik amaliyotlari oʻtkazildi. 15-21-mart kunlarida “Bolalar tabassumi” loyihasi doirasida 44 nafar bolada plastik jarrohlik amaliyoti bajarildi.

Gʻayrat OTAJONOV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер