Orolboʻyi hududida yoqqan qor shoʻrmi?
Foto: Халқ сўзи
Orolboʻyi hududida joriy qish kunlari oʻtgan yillarga nisbatan koʻproq qor yogʻmoqda. Ayrim hududlarda dekabr oyidan beri ustma-ust qor yogʻib, muzliklar paydo boʻlgan.
Qor — suv manbai. Mintaqada suv tanqis boʻlib turgan hozirgi paytda ushbu tabiat neʼmati dalalarga, yaʼni gʻalla maydonlariga qanchalik ijobiy taʼsir koʻrsatadi? Beruniy tumanidagi qishloq va suv xoʻjaligi masʼullari bu borada kichik tajriba oʻtkazib koʻrishdi.
— Dehqonlarimiz orasida qor havodagi chang-tuzlar hisobiga shoʻr boʻlishi va gʻalla nihollariga ziyon yetkazishi mumkin, degan fikrlar tarqaldi, — deydi Beruniy tumani irrigatsiya boʻlimi rahbari Jasur Yeshanov. — Biz tuman hokimligi masʼullari bilan birgalikda gʻalla maysalari ustini qoplagan qorni maxsus uskuna yordamida sinovdan oʻtkazdik. Uskunada 0,04 dan 0,08 gacha boʻlgan koʻrsatkichlar aks etdi. Keyin erib ulgurgan qor suvini ham tekshirib koʻrdik. Xullas, qor tarkibi shoʻr emas, dehqonlarimiz xavotirlanmasa ham boʻladi. Aksincha, ketma-ket yoqqan qalin qor gʻalla maydonlari uchun juda foydali boʻlib, kamida bir marotaba sugʻorilgandek ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Qor ostidagi bugʻdoy maysalari baravj oʻsayotganini koʻrib quvondik.
Maʼlum boʻlishicha, Orolboʻyida yuqorida keltirilgan konduktometr uskunasidan suvchilar vegetatsiya davrida ham foydalanib kelmoqdalar. Sir emas, keyingi yillarda ekinlarni saqlab qolish va sugʻorish uchun barcha choralar koʻrilmoqda. Ayrim hududlarda suv taqchilligi bois zovur suvlarini qoʻshimcha kanal suviga qoʻshgan holda foydalanilmoqda. Bunda zovur suvining shoʻrlanish darajasi maxsus uskuna yordamida tezkor aniqlanib, mutaxassislar tavsiya etgan meʼyorlarga amal qilinmoqda.
Darvoqe, maxsus batareyali uskuna — konduktometr yordamida tuproqning shoʻrlanish darajasi ham aniqlanadi. Bu asosan shoʻr yuvish tadbirlari oldidan suvchilar va dehqonlarga asqatadi.
Gʻ.Otajonov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring