“Oʻrmonlar – barqaror kelajak poydevori”: Bekobod davlat oʻrmon xoʻjaligida OAV xodimlari uchun press-tur tashkil etildi (+fotoreportaj)

00:40 19 Mart 2026 Jamiyat
367 0

Bugun, 18-mart kuni Toshkent viloyati Bekobod davlat oʻrmon xoʻjaligida Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi hamda Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi hamkorligida press-tur tashkil etildi.

“Oʻrmonlar – barqaror kelajak poydevori” mavzusida oʻtkazilgan mazkur tadbirda ommaviy axborot vositalari xodimlari, soha mutaxassislari hamda keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etdi.

Press-tur doirasida seminar va amaliy aksiya ham oʻtkazilib, unda mutaxassislar tomonidan jurnalistlarga respublikamizda oʻrmonchilik sohasini rivojlantirish, yashil hududlarni kengaytirish hamda choʻllanishga qarshi kurashish yoʻnalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumot berildi. Shuningdek, mamlakatimizda oʻrmonchilikning rivojlanish istiqbollari, ekologik xavfsizlikni taʼminlashda yashil hududlarning ahamiyati hamda “Tabiatga ehson” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha taqdimotlar qilindi.

Tadbir avvalida Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi Islomjon Qoʻchqorov atrof-muhit, ekologiya hamda tabiatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish xalqimiz uchun azaldan milliy qadriyat darajasida qaralib kelingani, shu nuqtayi nazardan, “Yashil makon” umummilliy harakati atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil hududlarni kengaytirish va ekologik madaniyatni oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

“Press-turni tashkil etishdan koʻzlangan asosiy maqsad amalga oshirilayotgan ishlarni keng jamoatchilikka yetkazish, aholi oʻrtasida ekologik masʼuliyat tuygʻusini yanada mustahkamlashdan iborat”, — deydi Islomjon Qoʻchqorov.

Tadbir davomida ishtirokchilar uchun ochiq muloqot ham tashkil etilib, unda ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga soha mutaxassislari tomonidan javoblar berildi. Shundan soʻng, press-turning amaliy qismiga oʻtilib, unda oʻrmon xoʻjaligi mutaxassislari tomonidan daraxt urugʻlarini ekish, koʻchatlarni parvarishlash jarayonlari dala maydonlarida, amaliy misollar orqali namoyish etildi. Maʼlumot uchun, mazkur oʻrmon xoʻjaligida 31 gektar koʻchatxona mavjud boʻlib, joriy yilda 5 million tupdan ortiq daraxt koʻchatlarini yetishtirish rejalashtirilgan.

Press-turning amaliy qismi yakunida “Ekolog jurnalistlar bogʻi” tashkil etilib, ushbu hududda 100 tup daraxt koʻchatlari ekildi. Ahamiyatlisi shundaki, Toshkent viloyati Bekobod davlat oʻrmon xoʻjaligida tashkil etilgan mazkur tadbir ekologik madaniyatni oshirish, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan tashabbuslarni keng targʻib etishdagi muhim qadamlardan biridir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер