O‘rganishlar samarasini odamlar o‘z hayotida sezishi kerak

07:50 28 Aprel 2018 Jamiyat
1867 0
Foto: Dinara Chirkova, "Xalq so‘zi."

Har qanday muammoning chuqur ildiz otishiga sabab bo‘ladigan omillar borki, ularni o‘z vaqtida bartaraf etish fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlashga, ularning farovon hayot kechirishlarini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu, ayniqsa, inson salomatligini asrash, yosh avlod manfaatlarini muhofaza etish, ko‘zimizning oqu qorasi — dilbandlarimizning hech kimdan kam bo‘lmay voyaga yetishlari masalalariga taalluqli bo‘lsa, yanada dolzarb ahamiyatga ega bo‘ladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Senati a’zolarining Toshkent shahar Mirobod tumani aholisi bilan bevosita muloqotlarida, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida qabul qilingan muhim hujjatlar ijrosini o‘rganishda ularga hamrohlik qilar ekanmiz, ayrim sohalarda yo‘l qo‘yilayotgan e’tiborsizliklar, sustkashliklar diqqatimizni tortdi. Chunonchi, tumanning “Bayot” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 1320 nafar aholi yashaydi, shundan 200 dan ziyodi ko‘zi ojiz insonlardir. O‘rganishlarda ularning aksariyati bir necha yillardan buyon chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tmagani ma’lum bo‘ldi. Deputatlar mazkur masalani joyida hal etib, mahalla aholisi, chunonchi, nogironligi bo‘lgan shaxslarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishlariga ko‘maklashdi.

— Ochig‘i, bundan juda xursand bo‘ldik, — deydi 57 yoshli Shohista Mahamadjonova. — To‘g‘ri, sog‘lig‘imizga befarq bo‘lmaslik, avvalo, o‘zimizga bog‘liq. Biroq imkoniyatlarimiz cheklangani bois oilaviy poliklinikaga borish bizga sal uzoqlik qilardi. Tashkil etilgan ko‘rikda turmush o‘rtog‘im bilan birga UZI, EKG apparatlaridan o‘tdik, shifokorlar juda xushmuomalalik bilan har bir savolimizga javob qaytarishdi.

Foto: Dinara Chirkova, "Xalq so‘zi."

— Parlament a’zolari tomonidan ko‘tarilgan ushbu masala, haqiqatan ham, dolzarb edi, — deydi tuman Kengashi deputati, “Orion Med City” xususiy klinikasi direktori Shoira Jabborova. — Tumandagi 2-oilaviy poliklinika bilan hamkorlikda amalga oshirilgan mazkur ko‘rikka klinikamizning malakali mutaxassislari ham jalb etildi. Guvohi bo‘layapsizki, aholi bundan juda xursand. Shu o‘rinda aytib o‘tishim kerak, Hindistondan bolalar kardiologi, travmatolog, kardioxirurg kabi mutaxassislarni chaqirib, klinikamizda har oyda ikki marta respublikamizning barcha aholisi uchun bepul ko‘riklar tashkil qilayapmiz. Odamlarning xabardorligini oshirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda bu haqda batafsil ma’lumot bermoqdamiz. Albatta, bu fuqarolarning malakali tibbiy xizmat olishlarini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Tumandagi 521-maktabgacha ta’lim muassasasining bir qarashdayoq ta’mirtalab ekanini ko‘rish mumkin. Bog‘cha atrofidagi chiqindilar esa kishi ta’bini xira qiladi. Deputatlar mazkur maskanning “Quyoshcha”, “Qaldirg‘och”, “Kamalak” kabi guruhlariga kirib, mavjud holat bilan tanishdilar. Ayrim guruhlarda bolalar soni ro‘yxatdagidan ko‘pligi, tibbiyot xonasida zarur dori vositalari mavjud emasligi, oshxonadagi holat esa sanitariya-gigiyena talablariga javob bermasligi aniqlandi.

— Bundan uch kun avval ushbu muassasadagi faoliyatni chuqur o‘rgangandik, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilmurod Sa’dullayev. — Ro‘yxatda bor-u, ammo o‘zi ishlamaydigan xodimlar, xuddi shunday ro‘yxatda yo‘q bolalar, qisqasi, muammolar talaygina. Bilasiz, o‘rganilgan masalalar doimo parlament nazoratida bo‘ladi. Shunchaki, nomiga o‘rganishlar payti o‘tdi. Mana, yaqinda maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarining oylik maoshi oshirildi, endi ular ham o‘z xizmat vazifalariga shunga yarasha mas’uliyat bilan yondashishlari kerak.

Parlament a’zolari bog‘chada hanuzgacha videokameralar o‘rnatilmagani masalasiga ham e’tibor qaratishdi.
— Vaholonki, davlatimiz rahbari o‘tgan yilning dekabrida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida hamma bog‘chaga 10 yanvargacha bolaga ovqat pishirishdan tortib, taomning unga yetib borishigacha bo‘lgan jarayonni to‘liq ko‘rsatadigan rakursda videokameralar o‘rnatilishi zarurligini ta’kidlagan edi. Aprel oyi tugayaptiki, bu ishlar orqaga surilmoqda, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdurashid Abduqodirov. — Qolaversa, bog‘chalarda jamoatchilik nazoratini qat’iy yo‘lga qo‘yish kerak. Buning uchun mahalla faollari, ota-onalar har kuni kelib, bolalarning ovqat ratsionidan xabardor bo‘lishlari maqsadga muvofiq. Bu hech kimga xalaqit bermaydi, aksincha, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishda asqatadi.

Foto: Dinara Chirkova, "Xalq so‘zi."

— Ish boshlaganimga endi uch oy bo‘ldi, — deydi maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi Muhabbat Mahmudjonova. — 1970 yilda qurilgan mazkur bog‘cha chindan ta’mirtalab. Ayni paytda 127 nafar bola muassasamizga qatnaydi. Trubalarimiz eski, oshxonamizda pechkalar yaxshi ishlamaydi, eshik, romlarimiz yaxshi ochilib, yopilmaydi. Aholi tomonidan ham bu bo‘yicha murojaatlar qilingan.
O‘rganishlar davomida deputatlar tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 2-oilaviy poliklinika filiali faoliyatini ham tahlil etishdi. Bu yerda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishda sustkashliklarga yo‘l qo‘yilayotgani, issiqlik tizimi ikki yildan buyon o‘chirib qo‘yilgani kabi muammolarga e’tibor qaratildi.

— Ayni paytgacha tumandagi sektorlar faoliyati tahlil qilindi, ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oid bog‘cha, maktab, oliy ta’lim muassasalari hamda korxona va tashkilotlar o‘rganildi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jamshid Pirmatov. — Bularni, albatta, xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida ko‘rib chiqamiz. Sessiya natijalari bo‘yicha “yo‘l xaritalari” tayyorlanadi hamda shu asosda belgilangan vazifalar idoralarga tarqatiladi, tegishli joylarga deputat so‘rovi yuboriladi.

Yana bir gap, tumanning “Banokatiy” mahalla fuqarolar yig‘ini faollari bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazilganda, yechimini kutayotgan bir qator muammolar o‘rtaga tashlandi. Misol uchun, Sariko‘l va Yangizamon ko‘chalari chorrahasida hamda tumandagi 154-maktab oldida svetofor o‘rnatish masalasiga jiddiy ahamiyat qaratildi. Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hududlarda oxirgi uch yil ichida bolalar o‘limiga sabab bo‘lgan 4 ta avtohalokat sodir bo‘lgan. Mazkur masala yuzasidan mahalla faollari tegishli mutasaddilarga bir necha marta murojaat qilishgan. Ammo muammo o‘z yechimini topmagan. O‘rganishlar davomida tuman IIB boshlig‘i bilan ko‘tarilgan masalalarning qonuniy yechimini topishga kelishib olindi.

Ziyoda ASHUROVA,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер