Oʻqituvchilar qurultoyida yil yakunlari sarhisob qilindi

15:25 25 Dekabr 2023 Jamiyat
462 0

Foto: "Xalq soʻzi"

Xorazm viloyatda taʼlim sohasidagi islohotlarni hayotga tatbiq etish, sohadagi mavjud muammolarni muhokama qilish va ularning yechimi boʻyicha aniq takliflarni ishlab chiqish maqsadida “Ustoz — taʼlim bunyodkori” shiori ostida oʻqituvchilar qurultoyi oʻtkazildi.

Unda viloyat hokimi Joʻrabek Rahimov, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova soʻzga chiqib, taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ilgʻor va fidoyi pedagog kadrlarni munosib ragʻbatlantirish, shuningdek, taʼlim-tarbiya sohasida joriy yilda amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusi rejalar haqida toʻxtalib oʻtishdi.

— Joriy yilda viloyatda tegishli dasturlar asosida 12 ta umumtaʼlim maktabida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, yangidan 3 ming 344 nafar oʻquvchi oʻrni yaratildi, “Tashabbusli byudjet” loyihalari hisobidan 93 ta maktabga 90 mldr. soʻm mablagʻ ajratilib, quyosh panellari oʻrnatish, isitish tizimlarini taʼmirlash, mebel jihozlari va texnik vositalar bilan taʼminlash, sunʼiy sport maydonchalari qurish ishlari amalga oshirildi, — deydi viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Hamro Bektemirov. — 39 ta maktab ikkita xorijiy til va bitta kasbga oʻrgatish tizimini joriy etish boʻyicha mebel jihozlari va kasbga oʻrgatish asbob anjomlari bilan toʻliq taʼminlandi. 198 ta maktabning kompyuter sinflari zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlandi.

Qurultoyda taʼkidlandiki, taʼlim muassasalarining shart-sharoitlarini yaxshilash borasidagi ishlarni kelgusi yilda ham izchil davom ettiriladi. Jumladan, 2024-yilda viloyatda 3 ta yangi maktab qurish, 23 ta maktabni rekonstruksiya qilish hisobiga 6800 nafar oʻquvchi oʻrni yaratiladi. Ushbu maqsadlar uchun 225 mlrd. soʻm mablagʻ sarflanishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, 2024-yilda 338 ta maktabga suvni tozalovchi qurilmalarni oʻrnatish, 100 ta maktabdagi maʼnan eskirgan kompyuterlarni almashtirish koʻzda tutilgan.

Tadbir yakunida maktab taʼlimida astoydil xizmat qilib kelayotgan bir guruh oʻqituvchilarga “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishonlari va bayram sovgʻalari topshirildi.

Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер