Oʻqituvchi va murabbiylar kuni Samarqandda keng nishonlandi

10:19 02 Oktyabr 2023 Jamiyat
862 0

Foto: Xalq so'zi

“1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Samarqandda tashkil etilgan bayramning asosiy tantanasi viloyat musiqali drama teatrida boʻlib oʻtdi.

Unda Maktabgacha va maktab taʼlimi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, hamda Prezident taʼlim muassasalari agentligi tasarrufidagi taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan ustoz-murabbiylari, eng fidoyi oʻqituvchilar, soha faxriylari jam boʻlishdi.

Tadbirda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etib, barcha ustoz va murabbiylarni bayram bilan qutladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan taʼlim-tarbiya tizimida alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida»gi Farmoniga koʻra, samarqandlik bir guruh oʻqituvchi va murabbiylar ham davlatimizning faxriy unvon, yuksak orden va medallari bilan taqdirlangan edi. Tantanali tadbirda mazkur mukofotlar oʻz egalariga topshirildi. Shuningdek, bir guruh faol ustozlar koʻkrak nishonlari, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Tadbir soʻngida ishtirokchilari uchun viloyat musiqali drama teatri jamoasi tomonidan “Yalangtoʻsh Bahodir” spektakli namoyish etildi.

Bayram tantanasi “Diyora” bazmgohida bir piyola choy ustida madaniy tadbir bilan davom etdi. Taniqli sanʼatkorlarning konsert dasturi yigʻilganlarga xush kayfiyat baxsh etdi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер