Oqibatlarning oldini olish bugungi harakatlarga bogʻliq
Iqlim oʻzgarib turadi. Ammo soʻnggi yuz yil ichida bu oʻzgarishlar inson faoliyati natijasida tobora keskinlashmoqda. Bunga, asosan, atmosferaga issiqxona gazlarining chiqarilishi asosiy omil boʻlyapti. Yaʼni hozirgi vaqtda ularning havoga chiqarilish darajasi 1990-yillardagiga nisbatan taxminan 50 foizga ortgan. Buning oqibatida yerdagi oʻrtacha harorat ham koʻtarilib, qurgʻoqchilik, suv toshqinlari, oʻsimlik va hayvonot turlarining yoʻqolishi, choʻllanish jarayonlarining kuchayishiga olib kelmoqda. Bularning bari, oʻz navbatida, insoniyat hayotining deyarli barcha jihatlariga taʼsir qilyapti.
Iqlim oʻzgarishini toʻxtatib boʻlmaydi, biroq uning salbiy oqibatlarini yumshatish mumkin. Bu boradagi harakatsizlik ham milliy, ham xalqaro miqyosda kechiktirib boʻlmaydigan muayyan choralar qabul qilinishiga qaraganda ancha qimmatga tushadi. Bunday fikrlar kecha poytaxtimizda 2030-yilga qadar Barqaror rivojlanish sohasida Milliy maqsadlar hamda Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast fondining faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holati boʻyicha tashkil etilgan jamoatchilik eshituvida aytib oʻtildi. Xalqaro atrof-muhitni muhofaza qilish kuniga bagʻishlab onlayn tarzda oʻtkazilgan tadbirda Oʻzbekiston Ekologik partiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi, «Logos» NNT, BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Xalqaro suv menejmenti instituti (IWMI), Markaziy Osiyo va Kavkaz Global suv hamkorligi tashkiloti, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) kabi xalqaro tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda parlament, davlat va jamoat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar hamkorligida 2030-yilga qadar Barqaror rivojlanish sohasida Milliy maqsadlarga erishishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotganligi, strof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan oqilona foydalanish sohasida dastur va loyihalar qamrovini yana-da kengaytirish lozimligi qayd etildi.
Maʼlumki, 1972-yili BMT Bosh assambleyasining 27-sessiyasida strof- muhit muammolariga dunyo hamjamiyati eʼtiborini jalb qilish maqsadida 5-iyun — Xalqaro atrof-muhitni muhofaza qilish kuni deb eʼlon qilingan. Har yili dunyo boʻylab ushbu kunda ommaviy “yashil” aksiyalar, konsertlar va tanlovlar, ilmiy, amaliy va maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilishi anʼanaga aylangan. Biroq bu yil koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat tufayli bunday tadbirlar onlayn virtual tarzda amalga oshirilmoqda.
Jamoatchilik eshituvi ishtirokchilari, shuningdek, Prezidentimizning 2019-yil 8-yanvardagi qarori bilan tasdiqlangan Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast fondi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” doirasidagi ishlarni ham muhokama qilishdi. Bu borada atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi mahalliy organlar va NNT salohiyatidan foydalanish muhimligi taʼkidlanib, 2030-yilga qadar Barqaror rivojlanish sohasida Milliy maqsadlarning va Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast fondi faoliyatini yana-da jonlantirish boʻyicha tavsiyalar qabul qilindi.
Ekologik muammolar, tabiiy resurslaridan oqilona foydalanish va ekologik toza, resurs tejamkor, energiya manbalari hamda suvni tejash texnologiyalaridan faol foydalanish borasidagi yangiliklarni OAV va ijtimoiy tarmoqlar vakillari faoliyati eʼtirof etildi.
Dilshod ULUGʻMURODOV
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring