Oʻqib fermer boʻlganga nima yetsin...
Vaqtni oʻzi hamma narsani joy-joyiga qoʻyar ekan. Qarang, shunday vaqt keldiki, turli soha vakillari oʻzini fermerlikka urdi. Bilgan ham, bilmagan ham fermer boʻlaman, deydi. Yeri va qoʻlida “pechat”, “shtamp”, hokim qarori bor mardum oʻzini fermer sanab yuraverdi. Hech kim “senda fermerlik layoqati bormi, fermerlikdan qayerda dars olgansan” deb soʻramadi. Balki fermerlikni rivojlantirishda muammolar koʻpayib ketayotganiga ana shu jihatlar sabab boʻlgandir, oʻylab qolasan kishi.
Yaqinda «Agrobank» katta bir loyihaga qoʻl urdi. Mamlakatimizda ilk bor qishloq xoʻjaligida zamonaviy bilim va malaka beradigan “Fermerlar maktabi” ochildi. Aminmanki, bu maktab shunchaki oʻquv markazi boʻlib qolmasdan, fermerlikning ipidan ignasigacha oʻrgatadigan, iqtisodiy bilim va malakalarni oshiradigan hamda tom maʼnoda fermerlik ilmi salohiyatini hosil qiladigan maktab boʻladi. Bu fikrlarimni asoslab shuni aytmoqchimanki, fermerlar maktabi oʻquv dasturi qishloq xoʻjaligida ilk zamonaviy dastur sifatida Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Toshkent davlat agrar universiteti va Andijon agrotexnologiyalar institutlari bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Qolaversa, Fermerlar maktabi bir paytning oʻzida respublikamizning 5 ta hududida (Toshkent, Andijon, Samarqand, Termiz va Nukus shaharlarida) tinglovchilarga yagona standartlashgan taʼlim dasturini taqdim etadi. Taʼlim olish bilan bogʻliq barcha xarajatlar Agrobank tomonidan moliyalashtiriladi.
Bu haqda fikr yuritganda shuni alohida aytmoqchimanki, oʻqib fermer boʻlganga ne yetsin! Axir fermerlikning miridan sirigacha oʻrganib, chorvachilik, parrandachilik, sabzavot va polizchilik, issiqxona xoʻjaligi hamda biznes, moliya va huquqiy savodxonlik darslarida saboq olishning ham oʻziga xos gashti bor. Oʻqish dasturlari ham nazariy, ham amaliy koʻnikmalarni rivojlantirishga qaratilganligi, amaliy darslar tajriba uchastkalari va yirik qishloq xoʻjaligi korxonalarida oʻtilishi esa tinglovchilarning fermerlikning mohiyatini yana-da chuqurroq anglab yetishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Barno MIRZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi aʼzosi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring