“Open byudjet”: Ovoz sotib olish qachongacha davom etadi?
Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. “Tashabbusli byudjet”ning joriy yil ikkinchi mavsumi qizgʻin tus olgan kunlarning birida Namangandagi katta bozorda qiziq holatga duch keldik. Ikki yigit bir litrlik idishda isteʼmol yogʻi joylangan qutilarni yoniga olganicha oʻtgan-ketganni qaysidir mahallani asfalt qilish boʻyicha ochiq byudjet portalining mobil ilovasiga ovoz berish uchun chorlayapti. Shu atrofdagi ayollar ayni shu maqsadda bozorga kelgan chogʻi yigitlar tomonidan telefonlariga yuborilgan xos raqamni shosha-pisha tasdiqlashga tushishdi. Evaziga – bir litr yogʻ!
Toʻgʻri, keyingi paytda bu manzaraga koʻzimiz oʻrganib qoldi, yaʼni oddiy holga aylandi. Biroq bozorni aylanib yurgan xorijlik ikki sayyoh buni koʻrib hayratga tushdi. Ularga bu savdoning usulini tushuntirish gid yigitga oson boʻlmadi. Xorijliklar ovoz toʻplashning bunday antiqa usulidan taajjublandi.
Ochigʻi, hayotimizga “Tashabbusli byudjet”ning kirib kelgani demokratik jarayonlardagi muhim oʻzgarishlardan biri boʻldi. Boisi, bu bilan jamiyatni vakolatli ishtirok etuvchi boshqaruv harakatiga keng yoʻl ochilgandi. U loyihalarni ochiq-oshkora, toʻgʻri va samarali amalga oshirish orqali fuqarolar, shahar, tuman hokimiyati, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va nodavlat tashkilotlari ishtirokini taʼminlash kafolatini yaratadi. Oʻtgan vaqt mobaynida mahallalar ichki yoʻllarini asfaltlandi. Koʻchalarning yoritilishi taʼminlandi. Ichimlik suv tarmoqlari qurildi. Taʼlim muassasalari taʼmiri, ularga quyosh panellari oʻrnatish bilan bogʻliq minglab loyihalar ayni omil hisobiga byudjetdan ajratilgan mablagʻlar bilan ijrosini topganidan jamoatchilik boxabar.
Tanganing ikkinchi tomoni boʻlganidek, ayrim joylarda “Tashabbusli byudjet” ga ovoz toʻplashda belgilangan tartib-tamoyillarni chetlab oʻtish, yaʼni qonunga xilof ravishda antiqa usullarni qoʻllash holatlari ham uchrayotgani tashvishli. Shaffoflikni taʼminlash koʻzda tutilgan masalaga moddiy manfaatdorlik aralashdi. Oʻsha kunlari bozorlar, odam gavjum boshqa joylarda isteʼmol yogʻi, boshqa tovarlar, hatto, naqd pul taklif etgan guruhlar harakatga tushib qoldi. Ularning aksariyati oʻz xohishi bilan emas, loyihasini portalga joylashtirgan mahalla oqsoqollari, tashkilot rahbarlari tomonidan ovoz “sotib olish”ga chiqarilgan edi. Koʻpincha bunday tartib ish berib, uddaburon rahbarlar yetakchiligidagi jamoalarning oshigʻi olchi keladi, oʻziga xos “poyga”da gʻolib chiqadi. Ayni shunday holat 23 mingga yaqin loyiha ovozga qoʻyilgan. Oʻn kun shiddat bilan davom etgan ikkinchi mavsum jarayonida ham koʻp joylarda yana kuzatildi. Bitta ovozning narxi baklajkadagi yogʻdan 75 ming soʻm naqd pulgacha…
Oʻqituvchilar maktabda oʻquv yili uchun tayyorlanish oʻrniga, bozorlarda “Open byudjet”ga ovoz yigʻib yurdi.
“Namanganiklar uz” telegram kanalida 27-avgust kuni joylashtirilgan xabardan ham buni bilish mumkin: “Assalomu alaykum. Pop tumanining Toʻda qishlogʻi 33-sonli maktabining oʻqituvchilari “Open byudjet” boʻyicha ovoz yigʻishga majburlanmoqda. Bu ham yetmagandek maktab rahbariyati oʻqituvchilardan 200 ming soʻm miqdorida pul olib kelish majburiyatini qoʻygan. Shanba, hattoki yakshanba kuni ham oʻqituvchilar bozorma-bozor yurib ovoz yigʻishga majbur”. “@NamGroupBot” manziliga kelib tushgan murojaat rasmiy kanal ijodkorlari tomonidan qanday boʻlsa shundayligicha joylanib, tegishli idoralar eʼtiboriga havola qilingandi. Lekin tayinli munosabat bildirilmadi.
Shu kunlari ijtimoiy tarmoqlarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan respublikaning boshqa hududlarida ham ovoz yigʻishga majburlash holatlari yuzasidan 39 ta shikoyatlar kelib tushgani haqida xabar eʼlon qilindi. Vaholanki, tashabbusli byudjetlashtirish jarayonida rahbarlar tomonidan majburiy ovoz yigʻish boʻyicha xodimlarga topshiriq berish umuman taʼqiqlangan. Bu tegishli hujjatda aniq belgilab qoʻyilgan. Majburiy mehnatga jalb etish sifatida tasniflanadigan bu holat tasdiqlanadigan boʻlsa, ayni loyiha jarayondan chetlashtirilishi koʻzda tutilgan. Xoʻsh, tartib buzilgan biror mahalla yoki tashkilotning noqonuniy harakatiga amaliy munosabat koʻrsatildimi? Yoʻq, bu xususda biron joyda bildirish uchramagani taajjubli….
Shu oʻrinda savol tugʻiladi: Ovoz sotib olishga sarflanayotgan moddiy neʼmatlar yoki naqd pul uchun mutasaddilar mablagʻni qayerdan olmoqda? Hududidagi ichki yoʻllarni taʼmirlash loyihasini ovozga qoʻygan va gʻolib chiqqan mahalla oqsoqolini tabriklash uchun qoʻngʻiroq qildim.
— Oson boʻlmadi, oʻn kun kechayu kunduz tinim bilmadik, — deydi u.
Aytishiga qaraganda, olti mingga yaqin ovoz toʻplashibdi. Vaholanki, mahallada koʻpi bilan uch ming atrofidagi aholi istiqomat qiladi. Xoʻsh, ikki baravarga yaqin xayrixoh qayerdan yigʻildi? Koʻrinib turibdiki, bu yerda ham ovoz sotib olish amaliyoti yaxshigina qoʻllanilgan. Ayrim gaplarga qaraganda, fuqarolar oʻzlari ovoz berishdan tashqari hovli boshiga 200 ming soʻmdan yigʻishlariga toʻgʻri kelgan.
Boshqa bir mahallada koʻpchilik jigʻibiyron. Ishni bitirishni moʻljallab yogʻ, boshqa tovarlar sotib olish, moddiy ragʻbat uchun 250 million soʻm sarflashlariga qaramay yetarli ovoz toʻplay olmagan. Kimdir rozi, boshqa birov norozi boʻlib yigʻilgan kattagina mablagʻ havoga uchdi.
— Agar shu pulni yoʻlsozlarga berganimizda koʻchamiz bemalol taʼmirlanardi, — deya afsuslanadi mahalla ahli.
Sentyabr oyining ilk kunlarida “Tashabbusli byudjet” ikkinchi mavsumining natijalari eʼlon qilindi. Unga koʻra, respublika boʻyicha ovoz berish jarayonlarida 90 million 81 ming kishi ishtirok etib, 1772 ta loyiha gʻolib deb topildi. Demak, shuncha mahalla va tashkilotda bayram. Bir qarashda, hammasi risoladagidek, joylarda odamlar hamjihatlik koʻrsatgani natijasi sifatida koʻzga tashlanadi. Biroq, ular hammasining yutugʻi halol yoʻl bilan qoʻlga kiritildimi? Qancha-qancha loyiha egalari aynan, uddaburonlikni joyiga qoʻya olmaganliklaridan “poyga”da orqada qolib ketishgani ham bor gap.
“Open byudjet”dagi bunday koʻrinishlar deputatlar saylovida koʻp kuzatilgan ovoz toʻplash bilan bogʻliq ayrim “tajriba”larni yodga soladi. Nomzodlar saylovchilarni oʻzlariga ogʻdirish uchun qop-qop vaʼdalarni berishadi. Hatto qandaydir moddiy manfaatdorlik koʻrinishlarigacha borib yetiladi. Noiblikka erishilishi bilan barchasi ogʻizda va qogʻozda qolib ketadi. Xalqning ishonchiga putur yetadi. Nazarimda, oʻsha nojoiz xatti-harakatlar mevasi “Tashabbusli byudjet”da ham totib koʻrilayotgandek.
Siz bunga nima deysiz?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring