Oʻng qoʻling berganini chap qoʻling bilmasin...
Nargiza Qahhorova Koson tumanida yashaydi. Bundan ancha yil avval turmush oʻrtogʻi vafot etgach, hayot yoʻlini boshqa bir inson bilan bogʻlagandi. Ular dastlab yaxshi yashashdi. Ayol turmush oʻrtogʻining farzandlarini bagʻriga oldi. Oʻzi ham ikki nafar farzandli boʻldi. Baxtli edi...
Ammo kutilmaganda turmush oʻrtogʻining vafot etishi hammasini oʻzgartirib yubordi. Oila aʼzolari orasida uy-joy, mol-mulk nizosi boshlandi. Katta farzandlar oʻgay ona bilan kelisha olmay, uni uydan chiqarib yuborishdi. Natijada ikki norasida farzandi bilan uysiz qolgan ayol goh u, goh bu qarindoshining uyida yashab, kun kechira boshladi.
Ana shunday ogʻir kunlarning birida mahalla vakili kelib, unga yangi uy berilgani, oʻzi bilan birga borishi kerakligini aytdi. Nima boʻlayotganini anglab-anglamagan ayol ikki farzandini olib, oʻsha kishining ortidan ergashdi.

— Bizni tumanning Yuqori Obron mahallasidagi yangi uy-joylar barpo etilgan massivga olib kelishdi, — deydi Nargiza Qahharova. — Shu yerdagi yangi qurilgan katta hovliga taklif etib, endi shu uy sizniki, farzandlaringiz bilan kirib yashayvering, deyishdi. Keyin shu yerdagi odamlar kelib tabriklasha boshlashdi, men esa hech narsani anglay olmas, goʻyoki tush koʻrayotgandek edim.
Qahramonimiz yangi mavzedagi 14 ta uy-joyning hammasi bitta shaxsini sir tutgan tadbirkor tomonidan barpo etilib, oʻzi kabi muhtoj oilalarga xayriya qilinganini keyinroq bildi.
— Dastlab biz mahalla faollari ham bu uy-joylarni kim, nega qurayotganini bilmagandik, — deydi Yuqori Obron mahallasi xotin-qizlar faoli Klara Roʻziyeva. — Ularni nomaʼlum tadbirkor uy-joyga muhtoj oilalarga hadya qilganini eshitib, rosti hayratlandik. Odamlarning xomaki hisob-kitobiga koʻra, tadbirkor ushbu oʻn toʻrtta uy-joyni barpo etish uchun kamida 20 milliard soʻm mablagʻ sarflagan. Keng va yorugʻ xonalar shunchalik did bilan qurilib, bezatilganki, har qanday kishining havasini keltiradi. Uylar oʻz sohiblariga topshirilishidan oldin hammasi toʻliq jihozlanib, barcha mebellar, maishiy texnika vositalari, hatto koʻrpa-koʻrpacha, sochiqlar, idish-tovoqlargacha kiritib qoʻyilgan ekan. Har bir xonadonning oshxonasida bir haftalik oziq-ovqat mahsulotlari ham gʻamlab qoʻyilgandi.

Klara Roʻziyevaning qoʻshimcha qilishicha, tadbirkor 14 ta uy-joyni qurib bitirgach, uning sohiblarini oʻzi tumanning turli hududlaridan surishtirib, eng qiynalgan, haqiqatan uyga muhtoj oilalar ichidan tanlagan. U hozir ham ushbu oilalarga yordamni davom ettirmoqda. Masalan, har kuni ertalab bitta mashina kelib, ularning farzandlarini bogʻchaga olib ketadi va kechga keltirib qoʻyadi. Bogʻcha puli doim oldindan toʻlab qoʻyilgan boʻladi. Yana bitta “suv mashina” esa damba-dam hovuzlariga suv toʻldirib ketadi, biroq pul olmaydi. Koʻpchilik aniq bilmasada, lekin bu saxovatpeshalik ham oʻsha tadbirkorning ishi ekaniga ishonishadi.
Biz yangi xonadon sohibiga aylangan oilalar aʼzolari bilan suhbatlashar ekanmiz, ularning yuz-koʻzlaridagi quvonch, hayotdan mamnunlik hissini koʻrib, shunday muruvvatli yurtdoshlarimiz borligidan qalbimiz gʻururga toʻldi. Ortga qaytar chogʻimizda esa bizga hamrohlik qilgan tuman hokimligi masʼullari “Bunday tadbirkorlar bilan biz faxrlanamiz”, dedi qoʻlini koʻksiga qoʻyib.
Ularning aytishicha, yana bir tadbirkor tuman markazidan 5 qavatli, 20 xonadonga moʻljallangan uy qurib, toʻliq jihozlab, barcha xonadonlarni uy-joyi boʻlmagan, muhtoj oilalarga hadya qilayotgan ekan. Ayni paytga qadar u tumandagi uy-joyga juda muhtoj oilalarni oʻrganib, oʻzi tanlagan 15 ta oilaga 15 ta xonadonni sovgʻa qilibdi. Qolgan 5 ta xonadon ham tez orada oʻz egalarini topar ekan.
Ha, ikki tadbirkorning saxovati sabab yillar davomida uy-joysiz, qiynalib yashab kelgan 29 oila bugun yangi, keng va shinam xonadonlar sohibiga aylandi. Ularning yuz-koʻzlaridagi quvonch, qalblaridagi shukronalik hissini esa taʼriflashga til ojiz.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring