Oʻn bir qizning oʻn bir gulzori

10:36 25 May 2021 Jamiyat
1035 0

Namangan shahrida oʻtkazilayotgan 60-Xalqaro gullar festivali nafosat ishqibozi boʻlgan xalqimiz hamda uzoq –yaqindan kelgan mehmonlarni rang-barang koʻrgazmalar, madaniy-maʼrifiy tadbirlar va turli koʻngilochar oʻyinlar bilan xushnud etmoqda. Ayniqsa, Zahiriddin Muhamma Bobur nomli madaniyat va istirohat bogʻini ulkan gulzorga aylantirgan tematik koʻrgazmalarning betakror manzarasiga qarab koʻz toʻymaydi. Ularning ijodkori — usta gulkorlar, tabiatga mehr qoʻygan fidoyi insonlar.

Shunday pallada Namangan gulchiligi rivojiga munosib hissa qoʻshgan sulolalar beixtiyor yodga tushadi. Uychi tumanining Yorkatay qishlogʻida yashab oʻtgan Abdukarim ota Qosimov sulolaboshilardan biri edi. 1961-yilda oʻtkazilgan birinchi gullar koʻrgazmasining faol ishtirokchisi boʻlgan bu inson oʻz hunarini farzandlariga qoldirdi. U kishining oʻgʻli Abdurahimjon Karimov uzoq yil shu kasb  bilan shugʻullanib, oʻn bir nafar qizini ham gulkor qilib tarbiyaladi.

— Odatda ota va onalar qiz uzatganda qoʻsha-qoʻsha buyumlardan iborat sarpo qilishadi, — deydi oʻninchi qiz Tohira. — Padari buzrukvorim esa bizning har birimizga ixcham-ixcham gulzorlarni toʻyona qilganlar. U asosiy yumushimizga aylanib, roʻzgʻorimizga baraka kirityapti.

Bu galgi festivalda Abdurahim otaning qizlariga gul koʻrgazmasi va savdosini tashkil etish uchun alohida maydon ajratib berishdi. Bu yerda Tohira, Mohira, Hamida va qolgan qizlar ixlosmandlarni gullar bilan batafsil tanishtirib, ular parvarishini tashkil etish haqida zarur tushunchalarni ham berishyapti. Koʻrgazma va sotuvga qoʻyilgan tabiat neʼmatlari esa oz emas, 200 dan ortiq turdagi 10 ming tupdan ziyod gulu chechaklar.

— Otajonimdan oddiy gerandan tortib, xorijning noyob gullarigacha meros boʻlib qolgan, — deydi Hamidaxon. — Masalan, Hindistondan keltirilgan Alkariya archasini mahalliy sharoitga moslashtirganmiz. Keyingi paytlarda sitrus mevalar — kivi va banan koʻchatlari parvarishini ham yoʻlga qoʻydik.

Uychilik gulkorlar uchun bu soha yaxshigina biznes, oilaning doimiy tirikchilik manbaiga aylangan. Yiliga kam deganda 25-30 million soʻm topishadi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер