Oʻn besh nafar farzandim uyli boʻldi

15:42 03 Sentyabr 2020 Jamiyat
1331 0

Men rahbarlik qilayotgan “Bolalar shaharchasi”da oila muhiti qaror topgan. Har bir bolalar guruhining alohida oʻz uyi va “oyi”si bor. Oʻgʻil-qizlarning bari meni “Katta oyi” deb chaqiradi. Bu soʻz shunchalik sehrli ekanki, biz “oyi”lar shaharchadagi barcha oʻgʻil-qizlarimizga nisbatan chin qalbimizdan onalik tuygʻusini his qilamiz. Bu hol ayniqsa, ularni mustaqil hayotga kuzatishda yana-da kuchliroq seziladi. Chunki, farzandi voyaga yetgach , uning unib-oʻsib, uyli-joyli boʻlib, baxtli hayot kechirishi har bir onaning eng katta orzusi. Ammo avvallari bitiruvchilarimiz orasida “Bolalar shaharchasi”dan soʻng boradigan, yashaydigan joylari yoʻqlari boʻlib, bu bizni oʻylantiradigan ogʻriqli masala edi.Shukrki, ushbu muammo ham toʻliq hal boʻldi.

Yaqinda Prezidentimizning 2019-yil 11-fevraldagi “Yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi qarori asosida 15 nafar voyaga yetgan tarbiyalanuvchilarimizga yangi qurilgan koʻp qavatli uylardan xonadonlar berildi.Va ochigʻini aytish kerak, aniq bir borar joyi yoʻq farzandlarimizning hammasi koʻchada qolmaydigan boʻldi. Masalan, Dmitriy Trofimovning bu dunyoda hech kimi yoʻq. U hali 15 yoshidayoq xavotir bilan “Katta oyi, maktabni bitirgach, qayoqqa boraman?” deb soʻrardi mendan. Qarangki, unga aynan oʻzi tugʻilgan Xovos shaharchasida bunyod etilgan uydan xonadon ajratishdi, “Toza hudud” tashkilotidan ish ham berishdi. Dmitriy kabi boshqa bitiruvchilarimizning ham mustaqil hayot yoʻllari ana shunday ravon izga tushayotganidan koʻnglimiz toʻq. Yana bir jihat esa, oʻtgan yili bir necha oʻgʻil-qizlarimiz yuqori bilimlari va yaratilgan imtiyozlar tufayli oliy oʻquv yurtlari talabasi boʻldi. Bu yil 31 nafari test sinovlariga puxta tayyorgarlik koʻrmoqda. Ishonamanki, hademay ulardan ham koʻplab xushxabarlar eshitamiz.

Pokiza AHMADJONOVA,
Guliston shahridagi “Bolalar shaharchasi” direktori, 
II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni sohibasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер