Omon Matjon tavalludiga 80 yil toʻldi

18:45 14 Fevral 2023 Jamiyat
1202 0

Foto: Xalq so‘zi

Bugun XX asr oʻzbek sheʼriyatining dargʻalaridan biri – Oʻzbekiston xalq shoiri Omon Matjon tavalludiga 80 yil toʻldi. Xorazm viloyatining Yangibozor tumani Bogʻolon qishlogʻida tavallud topgan shoirning “Karvon qoʻngʻirogʻi”, “Quyosh soati”, “Yonayotgan daraxt”, “Yarador chaqmoq”,“Seni yaxshi koʻraman”, “Oʻrtamizda birgina olma”, “Odamning soyasi quyoshga tushdi”, “Qush yoʻli”, “Iymon yogʻdusi”, «Ardaxiva», “Haqqush qichqirigʻi”, “Gaplashadigan vaqtlar”, “Ming bir yogʻdu” kabi asarlari milliy adabiyotimizning noyob durdonalari qatoridan oʻrin olgan.

Shoir tavalludining 80 yilligi munosabati bilan u tugʻilib oʻsgan Yangibozor tumanida yozuvchi va shoirlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, adabiyot ixlosmandlari, shoirning farzandlari ishtirokida tadbir oʻtkazildi. Unda soʻzga chiqqanlar Omon Matjonning shoir, davlat va jamoat arbobi sifatida Vatan oldidagi ulkan xizmatlarini eʼtirof etib, adib xotirasini sogʻinch bilan esga oldilar. Omon Matjon tavalludi sanasiga bagʻishlangan adabiy tadbirlar Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali va boshqa taʼlim muassasalarida davom etdi.

Shoirning “Quyosh soati” asarida shunday satrlar bor: “Xorazmda togʻlar yoʻq emas, bor. Xorazm togʻlari vohani tongda quyoshdan toʻsib qoʻymaslik uchun odamlar qiyofasida yashaydilar”. Omon Matjonning oʻzi ham Xorazmning ana shunday purviqor togʻlaridan biri edi. Yillar oʻtgan sayin bu togʻning naqadar ulugʻvorligini, bagʻridagi ulkan maʼnaviy xazinaning koʻlamini teranroq anglab yetayotirmiz.

 

Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер