Ommaviy kitobxonlik qamrovi kengaymoqda

18:57 19 Aprel 2022 Jamiyat
994 0

Foto: Халқ сўзи

Xabaringiz bor, yurtimiz boʻylab “Kitobsevar millat” shiori ostida II Respublika kitobxonlik haftaligi uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Andijon viloyatida ham haftalik doirasida shoir-yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar ishtirokida yuzdan ortiq uchrashuvlar, davra suhbatlari, koʻrgazmalar tashkil etish koʻzda tutilgan boʻlib, buning zamirida aholi oʻrtasida mutolaa madaniyatini va kitobsevarlikni keng targʻib qilish maqsadlari mujassam.

— Dastlabki ikki kunning ichida viloyat boʻyicha 30 dan ortiq tadbirlarni tashkillashtirdik, — deydi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Gulnora Ismoilova. — Xususan, markazimizda yangi adabiyotlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Nodirabegim ijodiga bagʻishlangan “Ey, Sarviravon” nomli kitobxonlar uchrashuvida uning ijodiga oid yangi maʼlumotlar ochiqlangan boʻlsa, Muhammad Yusuf ijodiga oid sheʼrxonlik kechasi haqiqiy mushoiraga aylanib ketdi. Shoir Bahodir Andijoniyning yangi asari taqdimoti yozuvchi va shoirlarning muhokamasiga sabab boʻlgan boʻlsa, “Qoʻlingdagi kitob” chellenji yoshlar orasida keng ommalashib ulgurdi. Bu kabi tadbirlar viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtmoqda.

Aytish oʻrinliki, 900 mingga yaqin kitob fondiga ega markazimizning doimiy oʻquvchilari soni 34 yarim mingdan ziyod va ular uchun zamonaviy qulayliklar yaratilgan.

Umuman olganda, viloyatdagi mavjud kutubxonalarda 7 million dona kitob mavjud boʻlib, ulardagi mutolaa zallari hamisha kitobxonlar bilan gavjumligi alohida eʼtiborga molik jihatdir.

Darvoqe, haftalik davomida koʻchma kutubxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgani kitobxonlar sonining ortishiga va oilaviy kitobxonlik madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер