Ombudsmanning murojaatlar bilan ishlash tizimi toʻliq raqamlashtirildi

10:20 26 Yanvar 2024 Jamiyat
447 0

2024-yilning 25-yanvar kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiya aʼzolarining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Ombudsman huzurida tuzilgan Ilmiy-maslahat kengashi aʼzolari va OAV vakillari ham ishtirok etishdi.

Yigʻilishida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning 2023-yildagi faoliyati koʻrib chiqildi

Maʼlumki, Ombudsman faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislarida har yili eshitiladi. Bundan avval esa nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat Ombudsman huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiya aʼzolari bilan birgalikda muhokama qilinadi.

Tadbirda soʻz olgan Ombudsman F.Eshmatovaning soʻzlariga koʻra, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning murojaatlar bilan ishlash tizimi Davlat rahbarining 2023-yil 25-maydagi “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq toʻliq raqamlashtirildi. Hozirda murojaatchilarga yana qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishg maqsadida Ombudsmanning mobil ilovasi ustida ishlanmoqda. Unda fuqarolarga onlayn maslahat berish, murojaatning ijro holatini onlayn ravishda monitoring qilib borish, mobil ilova orqali murojaat ijrosi yuzasidan tegishli tashkilotlardan yuborilgan javob xatlari, statistik maʼlumotlar bilan tanishish, soʻrovnomalar oʻtkazish kabi xizmatlar joriy etilishi koʻzda tutilgan.

Yigʻilishda qayd etilishicha, 2023-yilda Ombudsmanga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar 18622 tani tashkil etgan. (2022-yilda 17761 ta). Jami murojaatlarning 15 934 tasi fuqarolardan, 2 662 tasi mahkum va mahbuslar hamda ularning yaqinlaridan, 26 tasi chet el fuqarolari va xorijiy davlatlar Ombudsmanlaridan kelib tushgan.

Hisobot yilida Ombudsman tomonidan davlat organlari va tashkilotlari va sudlarga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 170 ta taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar, jumladan 35 ta taqdimnoma, 37 xulosa va 98 ta ariza va daʼvo arizalar kiritilgan. Bu koʻrsatkich 2022-yilga nisbatan 28 foiz, 2021-yilga nisbatan 81 foizga koʻpdir.

Ombudsman tomonidan murojaatlarni koʻrib chiqish va taʼsir choralarini qoʻllash natijasida fuqarolar hamda mahkum (mahbus) va ularning yaqinlari manfaatida jami 2,1 mlrd soʻm undirilgan. Shundan, 1,1 mlrd soʻm ish haqi va mehnat munosabatlariga toʻgʻri keladi. Bu koʻrsatkich 2022-yilga nisbatan 2 barobarga koʻp.

Shuningdek, 38 nafar fuqaro ishga tiklangan (2022-yilda 13 nafar), 23 nafar fuqaro ish bilan taʼminlangan (2022-yilda 4 nafar), Ombudsman murojaatiga asosan Davlat mehnat inspeksiyalari tomonidan sudlarga 11 ta daʼvo arizalari kiritilgan.

Ombudsman Komissiya aʼzolariga Vakilning murojaatlar bilan ishlash, qiynoqlarni oldini olish, monitoring va huquqiy tahlil, xalqaro hamkorlik, huquqiy targʻibot va OAV bilan ishlash yoʻnalishidagi faoliyati bn tanishtirdi.

Yigʻilish davomida majlis kun tartibiga qoʻyilgan masalalar yuzasidan aniq takliflar bildirildi va komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер