Ombudsmanning hisoboti eshitildi
Kun tartibidagi navbatdagi masala – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2019-yildagi faoliyati toʻgʻrisida Ombudsman Ulugʻbek Muhammadiyev hisobot berdi.
Taʼkidlanganidek, Vakil va uning mintaqaviy vakillari tomonidan 8 ta asosiy soha boʻyicha ishlar qilingan. Xususan, inson huquqlari toʻgʻrisidagi milliy qonun hujjatlarini takomillashtirish, unga rioya etilishini monitoring qilish, fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish, aholi va davlat organlari vakillari huquqiy ongi va xabardorligini oshirish borasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilgan.
Bundan tashqari, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlik qilish, jazoni ijro etish muassasalariga muntazam kirib turish orqali qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish sohasida qator ishlar qilingan.
Monitoring davomida qamoqda saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy 3000 dan ortiq uchrashuvlar va 248 kishi bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazilgan.
Shuningdek, majlisda senatorlar tomonidan Ombudsmanning hisoboti tanqidiy-tahliliy tarzda koʻrib chiqildi. Jumladan, Vakil tomonidan shikoyatlarni koʻrib chiqish uchun viloyat hokimliklariga 773 ta soʻrov xati yuborilgan boʻlsa-da, ularning 180 dan ortigʻiga oʻz vaqtida javob berilmagan. 134 ta soʻrovga respublika vazirlik va idoralari tomonidan munosabat bildirilmagan.
Ushbu masalalarga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan vazirlik va idoralarga tegishli chora koʻrish yuzasidan Parlament palatalariga tegishli tartibda maʼlum qilinishi zarurligi borasida soʻz yuritildi.
Shu bilan birga, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan jinoyatda gumon qilinuvchilar va mahkumlarga nisbatan noqonuniy taʼsir choralari koʻrilganligi toʻgʻrisida 138 ta shikoyat kelib tushganligi, bunday salbiy holatlarning nafaqat oqibatlariga chora koʻrish bilan cheklanish, balki ularga olib keluvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan tizimli ishlar olib borish lozimligi taʼkidlandi.
Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishiga olib keluvchi sabab hamda shart-sharoitlarni aniqlash natijalariga koʻra davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari vakillarining axborotini eshitish masalasini koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi taklif bilan Oliy Majlis palatalarining qoʻmitalariga murojaat qilish vakolatini amalga oshirish, Oliy Majlis palatalarining parlament nazoratini amalga oshirishga doir tadbirlarida ishtirok etish, ularga koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan materiallar taqdim etish huquqidan samarali foydalanish topshirildi.
Yana bir jihat, 2019-yil davomida davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qoʻyish, fuqarolar oʻz vaqtida boshqa turar joy bilan taʼminlanmagan holda olib qoʻyilganligi holatlarining oldini olishda Inson huquqlari boʻyicha vakil va uning mintaqaviy vakillari tomonidan oʻz vaqtida tegishli davlat organlari va mahalliy davlat idoralari bilan hamkorlik ishlarini olib borish muhimligi taʼkidlandi.
Jumladan, Ombudsman faoliyatini yana-da takomillashtirish, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish hamda qoʻllab-quvvatlashga doir qator takliflar bildirildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning 2019-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring