Ombudsmanning 2022-yildagi faoliyati qanday baholandi?

18:33 09 Fevral 2023 Jamiyat
622 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Inson huquqlari sohasida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatilarga rioya etilishi boʻyicha Parlament komissiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman)ning 2022-yildagi faoliyati boʻyicha axboroti tinglandi.

Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili hamda Ombudsman huzuridagi komissiya raisi Feruza Eshmatova axborot berdi.

Taʼkidlanganidek, 2022-yildan Ombudsmanning hududlarda doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari ish boshlagan va bu fuqarolar murojaatlarini tezkorlik bilan joyiga chiqib oʻrganish, monitoring tashriflari qamrovini kengaytirish imkonini beryapti.

Hisobot yilida Ombudsman nomiga jami 17 ming 761 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 14 ming 526 tasi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan, chet el fuqarolaridan va xorijiy davlatlar ombudsmanlaridan, 3 ming 235 tasi jazoni ijro etish muassasalaridan yuborilgan.

Murojaatlar viloyatlar kesimida aholi sonidan kelib chiqib tahlil qilinganda eng koʻp masalalar Toshkent shahri, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Jizzax viloyatlariga toʻgʻri kelgan.

Oʻtgan yilda Ombudsman tomonidan fuqarolar murojaatlarini oʻrganish davomida buzilgan huquqlarni tiklash yuzasidan tashkilot yoki mansabdor shaxslarga 134 ta taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilgan. Xususan, davlat organlari va tashkilotlari, sudlarga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 20 ta taqdimnoma, 36 ta xulosa, 78 ta daʼvo arizalari kiritilgan. Ushbu koʻrsatkich 2021-yilga nisbatan 42,5 foizga oshgan.

Hisobot davrida Ombudsman tomonidan fuqarolarning murojaatlari asosida undirilgan hamda undirishi belgilangan mablagʻlar 2 mlrd. 372 mln. soʻmni tashkil etdi. Shuningdek, 45,4 mln. soʻmdan ortiq aliment toʻlovlari undirilishi taʼminlandi. Fuqarolarning ish haqi va mehnat munosabatlari bilan bogʻliq toʻlovlar boʻyicha esa jami qariyb 506 mln. soʻm mablagʻ undirildi.

F. Eshmatovaning taʼkidlashicha, Milliy preventiv mexanizm (MPM) doirasida oʻtkazilgan monitoring tashriflari davomida 2022-yilda 6 mingdan ziyod shaxslar bilan jamoaviy uchrashuvlar, 1 ming 657 nafar shaxs bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazilgan.

Shuningdek, hisobot davrida Ombudsman nomiga harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari hamda himoyachilari tomonidan jami 3 ming 235 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 52,5 foizi bevosita mahkum va mahbuslar tomonidan yuborilgan.

Ombudsman soʻroviga asosan prokuratura idoralari tomonidan olib borilgan oʻrganishlar natijasida jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish haqidagi 43 ta (2021-yilda 32 ta) qarorning barvaqt qabul qilingani aniqlangan. Ushbu qarorlar bekor qilinib, qoʻshimcha surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv oʻtkazish belgilangan.

Eshituvda Parlament komissiyasi aʼzolariga Ombudsmanning huquqiy tahlil, xalqaro hamkorlik, huquqiy targʻibot hamda jamoatchilik bilan ishlash yoʻnalishidagi faoliyati haqida ham maʼlumot berildi.

Yigʻilishda komissiya aʼzolari tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar berildi.

Yakunda koʻrib chiqilgan masala yuzasidan Parlament komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер