Ombudsman sogʻliqni saqlash sohasi boʻyicha yuborilayotgan murojaatlarni ochiqladi
Joriy yilning 23-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Sogʻliqni saqlash vazirligining “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi hamda «Yoʻl xaritasi”ning tegishli bandlari ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida»gi axboroti eshitildi.
Tadbirda taʼkidlanishicha, davlat va jamiyat taraqqiyoti, xalq farovonligini taʼminlashda sogʻliqni saqlash sohasi hal qiluvchi oʻrin tutadi. Bugungi kunda yurtimizda tibbiyot sohasi, uning faoliyat mazmuni tubdan oʻzgarmoqda. Eng avvalo, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatish sifati va samaradorligi, sogʻlom turmush tarzi yangi bosqichga koʻtarildi. Koʻp tarmoqli poliklinika va kasalxonalarning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ning ijrosida Ombudsman institutining roli ham oshib bormoqda.
Yigʻilishda Asosiy qonunimiz bilan kafolatlangan har bir fuqaroning oʻz salomatligini muhofaza qilish boʻyicha huquqlaridan foydalanish holati yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman)ning maʼruzasi ham tinglandi.
Ombudsman soʻzlariga koʻra, pandemiya oqibatida xalqimiz oʻz salomatligiga yanada eʼtiborli boʻlishni oʻrgandi. Buni Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakiliga kelib tushayotgan murojaatlar tahlilidan ham koʻrish mumkin. Joriy yilda fuqarolardan kelgan murojaatlar asosan, malakali tibbiy yordam koʻrsatilishi hamda kafolatlangan tibbiy xizmat koʻrsatishda vujudga kelgan muammolar, fuqarolarga tibbiy muolaja koʻrsatilgandan soʻng sogʻligʻini yomonlashishi, notoʻgʻri qoʻyilgan tashxis va undan soʻng bemor sogʻligʻining yomonlashishi va boshqa holatlar boʻyicha yoʻllangan hamda sogʻliqni saqlash tizimi faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar ilgari surilgan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) oʻz soʻzida mazkur murojaatlar nazoratga olinib, tegishli tashkilotlar bilan birga oʻrganib chiqilayotgani, lekin, baʼzi murojaatlarning sogʻliqni saqlash tizimidagi quyi organlari tomonidan masalalar xolisona oʻrganilmay asoslantirilmagan maʼlumot taqdim etish holatlari uchrayotgani sababli, Ombudsman Sogʻliqni saqlash vazirligiga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash boʻyicha taqdimnomalar kiritishga majbur boʻlayotganini tanqid qildi.
Yigʻilishda deputatlar tomonidan qayd etildiki, aholini xavfsiz, samarali va arzon dori-darmon vositalari bilan taʼminlashda qator muammolar mavjud. Shuningdek, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish tibbiyotning eng muhim vazifasi, deb eʼtirof etilishiga qaramay, bugungi kunda onalar va bolalar oʻrtasida kuzatilayotgan oʻlim holatlari sohada jiddiy oʻzgarishlarni talab qiladi.
Deputatlar sohada uchrayotgan muammolarni oʻrtaga tashlar ekan, ularning yechimi boʻyicha oʻz vaqtida aniq chora-tadbirlar koʻrilishi lozimligini bildirdi.
Yigʻilish yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring