Oltinsoyda chigit unib chiqdi
Ayni paytda chigit qadash mavsumi boshlangan bir paytda Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanidagi «Juyruk Haydar» fermer xoʻjaligi ekin dalalarida chigit boʻy koʻrsatdi.
Oltinsoylik mirishkorlarning bu borada tajribalari katta. Oʻtgan yili tuman paxtakorlari respublikada birinchi boʻlib rejani yuz foizga bajarishgan edi.
Joriy yilda gektarlar hosildorligini yanada oshirish uchun barcha dala yumushlari sinalgan agrotexnik tadbirlar asosida olib borilmoqda. Joriy mavsum uchun chigit qadash ishlari davom etayotgan bir paytda «Juyruk Haydar» fermer xoʻjaligi ekin maydonlarida chigit unib chiqdi.
— Bu yil 34 gektarli maydonimizga gʻoʻzaning «Sulton» navini ekdik, — deydi fermer xoʻjaligi rahbari Muqim Haydarov. — Ayni paytda chigitni birinchi kultivatsiya qilish maqsadida belgilangan agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazishga hozirlik koʻryapmiz.
Surxondaryolik mirishkorlar bu yil ham marrani katta qoʻyishgan. Joriy yilda viloyat paxtakorlari 72 ming 270 gektar maydonda gʻoʻza parvarishlashni maqsad qilib, oʻtgan yilgi natijani takrorlashmoqchi.
Farhod ESONOV
(«Xalq soʻzi»).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring