Oltinsoy tumanida koʻmir qazib olinmoqda
Foto: Xalq soʻzi
Tumandagi Hoʻjayipok mahallasi hududida investitsiya dasturi asosida koʻmir qazib olish loyihasi amalga oshirilmoqda.
“Turon Eko Koʻmir” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 600 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilmoqda. Korxonaga Xitoy va Italiya davlatidan eng zamonaviy uskuna va jihozlar olib kelinadi. Loyihada yiliga 360 ming tonna koʻmir qazib olish, shundan 5 million dollarlik mahsulotni eksport qilish koʻzda tutilgan. Natijada 1000 nafar mahalliy aholi doimiy ish oʻrniga ega boʻladi.
— Ayni kunlarda tumanimizda bir necha yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, —deydi Oltinsoy tumani hokimi oʻrinbosari Azizjon Rahimov. — Jumladan, xorijiy sarmoyadorlar mablagʻi evaziga koʻmir konini oʻzlashtirish ishlari boshlandi. Aslida, 1944 hamda 1998-yillarda ham ushbu koʻmir koni ochishga urinishlar boʻlgan. Ammo iqtisodiy muammolar bunga yoʻl bermagan.
Davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi chogʻida tadbirkor tomonidan bildirilgan taklif qoʻllab-quvvatlanib, masʼul vazirlik va idoralarga loyihani hayotga tatbiq etish yuzasidan topshiriqlar berildi. Qisqa fursatda amaliy ishlarga kirishilib, maydoni 205 gektarni tashkil etuvchi kondan ochiq usulda koʻmir qazib olish boshlab yuborildi. Yuqori yonuvchanlik xususiyatiga ega koʻmir mahsuloti asosan sanʼat korxonalari uchun muhim yonilgʻi manbaidir.
Korxona 2024-yilda toʻliq quvvat bilan ishlay boshlaydi.
Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring