“Oltin daftar”ga kiritilgan yurtdoshimiz Samarqandda 500 ming dollarlik loyihani amalga oshirmoqda

21:31 26 May 2021 Iqtisodiyot
839 0

Janubiy Koreyada tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirib, Oʻzbekiston elchixonasi “Oltin daftari”iga kiritilgan yurtdoshimiz Samarqand viloyatida investitsiya loyihasini amalga oshirishni boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz salohiyatidan samarali foydalanish, ularning Oʻzbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotiga hissa qoʻshish boʻyicha saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida mamlakatimiz elchixonasi Janubiy Koreyada yashovchi yurtdoshlarimiz bilan tizimli ishlarni yoʻlga qoʻygan.

Oʻzbekistonda biznes yuritish istagida boʻlgan vatandoshlarning takliflari mahalliy hokimliklarga oʻrganish va amaliy yordam uchun yuborilmoqda. Hozirgi kunda elchixona koʻmagida fuqarolarning tegishli viloyat va tuman hokimliklari vakillari bilan muntazam muloqot tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Natijada Oʻzbekistonda xorijiy davlatlarda mehnat qilib, investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan yurtdoshlarimiz soni kundan-kunga ortib bormoqda.

Jumladan, Janubiy Koreyada vaqtincha mehnat qilayotgan yurtdoshimiz Jamshid Islomov Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida gidroponika usulida zamonaviy issiqxona qurish va Janubiy Koreya texnologiyalari asosidagi bogʻ yaratish loyihasini amalga oshirishga kirishdi. U ushbu loyiha uchun 500 ming AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya yoʻnaltirdi. Tuman hokimligi mazkur loyihani amalga oshirish uchun 1 gektar yer maydoni ajratdi.

Jamshid Islomov ayni paytda loyiha jadvaliga muvofiq qurilish ishlarini olib bormoqda. Issiqxona qurilishi uchun zarur boʻlgan uskunalarning birinchi qismi Oʻzbekistonga Janubiy Koreyadan joʻnatildi. Ular tez kunda oʻrnatila boshlanadi.

— Davlatimiz tomonidan xorijdagi vatandoshlar uchun yaratilgan imkoniyatdan foydalanib, ushbu investitsiya loyihasini Janubiy Koreyadagi mehnat faoliyatim davomida toʻplangan mablagʻ hisobiga hamda xorijiy hamkorlar koʻmagida amalga oshirishga qaror qildim, — dedi Jamshid Islomov. — Bogʻdorchilikka qiziqishim tufayli Janubiy Koreyaning oʻsimliklarning tomchilatib sugʻorishga asoslangan ilgʻor texnologiyalarini chuqur oʻrganib, yaratilayotgan issiqxonada qoʻllamoqchiman. Shuningdek, xorijdan mevali koʻchatlarning, ayniqsa, gilosning yuqori sifatli navlarini olib kelib, bogʻ tashkil etishni rejalashtiryapmiz. Kelajakda barcha yetishtirilgan hosilni eksport qilmoqchimiz. Loyihani amalga oshirish orqali qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish va mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga hissa qoʻshish niyatidaman.

Janubiy Koreyadagi yurtdoshlarimizning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va taklif etilayotgan loyihalari ijrosini taʼminlash maqsadida mahalliy hokimliklar, elchixona va hamkorlar oʻrtasida muntazam toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер