Oltiariq uzumi AQSH savdo doʻkonlarida sotilmoqda
Foto: Xalq soʻzi
Ayni paytda Oltiariq tumanida 3 ming gektardan ziyod tokzorlar boʻlib, har yili oʻrtacha 65 ming tonna uzum hosili olinmoqda.
Eksport geografiyasi ham tobora kengayib, u MDH, Osiyo, Yevropa qitʼasi davlatlarigacha qamrab olgan. Yilning toʻrt faslida ham eksport faoliyatini amalga oshirish maqsadida tumanda 68 ming 800 tonna sigʻimga ega 100 ga yaqin muzlatgichli omborxonalar tashkil etilgan.
Eʼtiborlisi, joriy yilda tumanda 90 million dollardan ziyod miqdorda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksport qilishi rejalashtirilgan. Ezgu tashabbus doirasida bu yil tajriba tariqasida bir qator davlatlarga uzum eksport qilinishi yoʻlga qoʻyildi.
Xususan, Oltiariq bogʻlarida yetishtirilgan uzumlar AQSH bozoriga ham eksport qilinayotir. Tumandagi “Sherakhun” xususiy korxonasi tomonidan shu yil noyabr oyi boshlarida sinov tariqasida AQSHga yuborilgan 1 tonna uzum “NetCost” oziq-ovqat savdo markazlari tarmogʻining Nyu-Yorkda joylashgan doʻkonlariga qadoqlanib tarqatildi va qisqa muddatda sotilib ketdi. Bu jarayonda AQSHning Qishloq xoʻjaligi departamenti va Oziq-ovqat mahsulotlarni sanitar nazorati boshqarmasi (FDA) tomonidan Oltiariq uzumlarining eksport uchun meva karantin talablariga mosligi oʻrganib chiqildi va ijobiy xulosa berildi.
— Shu asosda Amerikadagi yirik supermarketlar bilan hamkorlik qiluvchi “E.L.A. Superior Produce Inc.” kompaniyasi bilan “Sherakhun” xususiy korxonasi oʻrtasida doimiy eksport shartnomasi imzolandi, — deydi Oltiariq tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Alisher Xonkeldiyev. — Shartnomaga koʻra, dastlabki 250 tonna “Kelin barmoq” navli uzum samolyotlarda yetkazib beriladi va bu muntazam tarzda davom etadi. Amerika kompaniyasi kelajakda tezkor yetkazib berishni taʼminlash maqsadida Oltiariq tumanida FDA litsenziyasidan oʻtgan AQSH meva-sabzavot bazasini yaratib, u yerni oʻzida xorijiy standart talablari asosida karantin ruxsatnomasi rasmiylashtirilish va qadoqlash tizimini yoʻlga qoʻyish uchun investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.
Aytish joizki, tadbirkor Shavkatjon Aliqulov rahbarligidagi “Sherakhun” xususiy korxonasi Oltiariq uzumini Rossiya va Belarus davlatlariga ham eksport qiladi. Misol uchun, Belarusning “Dobronom”, “Sosedi”, “Korona”, “Grin” kabi 7 ta yirik supermarketlar tarmoqlariga doimiy ravishda uzum yetkazib berilmoqda.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring