Oltiariq tumanida toʻqsonbosti ekinlari ekish boʻyicha amaliy seminar oʻtkazildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasida ota-bobolarimiz taʼrificha, aynan ilik uzildi paytida toʻqsonbosdi ekinlari bozorda taqchillikning oldini oladi, oilada toʻkinlik boʻlishini taʼminlaydi.
Bu borada yaxshi tajriba toʻplangani inobatga olinib, Oltiariq tumanida bogʻ qator oralari, dala chetlari va boʻsh yer maydonlariga toʻqsonbosdi ekinlari ekish boʻyicha seminar oʻtkazildi. Unda tumandagi sektorlar rahbarlari, bogʻdorchilik fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi korxonalari vakillari ishtirok etdi.

Seminarda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Hayitov qatnashib, ushbu masalada oltiariqlik mirishkorlar bilan suhbatlashdi.
Yuzma-yuz muloqotda bu yilgi qulay ob–havo sharoitida kech kuzgi dehqonchilik ishlarini bajarish har tomonlama manfaatli ekanligi taʼkidlandi. Xususan, har qarich yerdan samarali foydalanish va xaridorgir mahsulotlar yetishtirish boʻyicha Oltiariq tajribasi haqida ijobiy fikrlar bildirildi.

— 2024-yil hosili uchun 1ming 568 gektar yerga toʻqsonbosdi usulida piyoz va sarimsoqpiyoz ekish rejalashtirilgan, —deydi Oltiariq tumani qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi Umidjon Bozorov. — Shu tariqa ushbu ekinlarning har gektaridan oʻrtacha 2,8 tonna – 4 ming 390 tonna hosil olish maqsad qilingan.
Oʻz navbatida fermer va qishloq xoʻjaligi korxonalarida bogʻ – tok qator oralariga 329 gektar hamda aholi tomorqalarida 1238 gektar yer maydonlariga toʻqsonbosdi ekinlari ekish koʻzda tutilgan.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring