Olti kunlik ommaviy qabulda minglab masalalar yechim topdi
Davlatimiz rahbarining alohida topshirigʻi va shaxsiy koʻrsatmasi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Fargʻona viloyatida oʻtkazgan ommaviy qabullari har qachongidan ham keng masshtabda anchayin gavjum, qizgʻin va ishchan ruhda kechdi.
Ommaviy qabullar uch oyligining ilk manzilidayoq olti kunda qariyb 2 ming 650 ta masala koʻrib chiqilgani ham shundan dalolat berib turibdi. Yigirmadan ziyod vazirliklar, qoʻmitalar va tashkilotlar masʼullari “Inson qadri uchun!” gʻoyasi asosida bir musht boʻlib birlashgani tufayli aksariyat masalalar joyiga chiqib oʻrganildi, mahallalarda, xonadonlarda, ijtimoiy soha obyektlarida muloqotlar olib borildi.
Tizimli muammolar boʻyicha qoʻshimcha ishchi guruhlar ish olib borayotgan boʻlsa, ayrim sohalar boʻyicha alohida muloqot maydonlari tashkil qilinmoqda. Bularning barchasi Prezidentimiz topshirigʻi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhi faoliyati natijadorligini taʼminlashda muhim omil boʻlmoqda.
Bir misol, Prezident virtual qabulxonasi, Xalq qabulxonalari va ommaviy qabullardagi murojaatlar tahlilidan soʻng Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va tibbiyot oliygohlarining 50 nafardan ziyod malakali shifokorlari Fargʻonaga taklif qilindi. Turli hududlarda ularning alohida sayyor qabullari, tibbiy koʻriklari tashkil etilmoqda.

Qisqa vaqtda 6 ming 130 nafar aholi tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Xastalik aniqlangan 3 ming 920 nafar bemor statsionar davolanishga yoʻnaltirildi. Shulardan qariyb 300 nafari Respublika markazlarida davolanadi.Aytaylik, endi 10 yoshga kirgan Asadbek Tolipov ham yurak xastaligidan aziyat chekmoqda. Kuni kecha ommaviy qabulda Nasibaxon Qosimova nevarasining dardiga davo topish masalasida amaliy yordam soʻragach, Asadbekka Toshkent shahrida davolanishi uchun yoʻllanma ajratildi.
Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj 731 nafar bemorning 101 nafarida Fargʻonada murakkab jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Tugʻma yurak yetishmovchiligi bilan xastalangan 2,7 ming nafar bolalarni bosqichma-bosqich davolash belgilab olindi.Birinchi bosqichda ulardan 680 nafari sogʻlom hayotga qaytadi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi murojaatlar tahlili asosida viloyatdagi 70 ta mahallaning tibbiy punktini, 101ta oilaviy shifokorlik punktini qayta tashkil etish boʻyicha ishlarni yanada jadallashtirdi. Xususiy tibbiyot muassasalari rahbarlari bilan muloqotlardan soʻngumumiy qiymati 70 mlrd. soʻmga teng 11 ta konsepsiya loyihasi, Oltiarikdagi “Odiljon Med Line” shifoxonasi bilan esa loyiha qiymati 10,4 mlrd. soʻmga teng davlat-xususiy sheriklik bitimi imzolandi.

Bu jarayonda nogironligi bor murojaatchilarning hayotiy muammolarini hal qilishga ham alohida eʼtibor qaratildi. Aytaylik, Bogʻdod tumani “Samandarak” qishlogʻida yashovchi 1-guruh nogironi Nasibaxon Boboxonova uyda chevarlik qilishi, mahalla xotin-qizlariga bu hunarni oʻrgatayotganini aytib, xonadonini taʼmirlab, qulay mehnat muhitini yaratishda amaliy yordam soʻragan edi.
Murojaatdan soʻng Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi masʼullari, Xalq qabulxonasi va sektorlar rahbarlari bilan birga Nasibaxon Boboxonovaning uyiga kelib, uning oilaviy sharoitini oʻrganisharkan,bu oilaning toʻrt nafar vakilida nogironlik borligi, Nasibaxonning ishlab daromad topishi bu roʻzgʻorga anchayin baraka kiritishi maʼlum boʻldi. Natijada ichki imkoniyatlar hisobidan ayolning uy-joyini taʼmirlash uchun zarur qurilish materiallari, chevar ayolga esa yangi-zamonaviy tikuv mashinasi ajratildi.
Shu kuni Bogʻdodning “Amirobod”mahallasida yashovchi 1-guruh nogironi Sohibaxon Yigitovaning avvalgi ommaviy qabuldagi murojaati ijrosi ham joyiga chiqib oʻrganildi. Bu ayol ham qoʻli gul chevar.Uoʻtgan yili uy-joy olish uchun murojaat qilgan, oʻshanda bu muammoning eng optimal yechimi sifatida Sohibaxonning ota hovlisidan yaqinlari ajratgan joyda ichki imkoniyatlar hisobidan ham uy-joy, ham korxona qurib berish belgilangan edi. Oʻrganishlardan soʻng boshlangan ezgu ishlarni oxiriga yetkazish uchun zarur qurilish materiallari, ayolga zamonaviy tikuv mashinasi ajratildi.
Hademay, mana bu besh xonali uy Sohibaxon ixtiyoriga topshiriladi, u esa oʻz yaqinlari bagʻrida moʻjaz tikuvchilik korxonasida mahallasidagi 30 dan ziyod qiz-kelinlarga bosh boʻlib, ish boshlaydi.

Bosh prokuratura masʼullarigaijtimoiy himoyaga muhtoj xuddi shunday insonlardan kelib tushgan murojaatlar joyiga chiqib oʻrganilgach, rishtonlik yolgʻiz ona Gulnoza Muhiddinovaga ham 2-sektor koʻmagida yangi uy-joy qurib berish uchun zarur qurilish materiallari ajratildi. Ayni paytda bu xonadonda bunyodkorlik ishlari avjida.
Murojaatlar asosida koʻplab xotin-qizlarning tadbirkorlik, mehnat va bandlik bilan bogʻliq muammolari ham hal qilib berildi. Aytaylik, Fotimaxon Qoʻqonboyeva avvalgi murojaatidan soʻng Fargʻona tumani “Guliston” mahallasida oilaviy poyabzal va milliy qoʻgʻirchoqlar ishlab chiqarish korxonasini yoʻlga qoʻydi, 5 nafar xotin-qiz bandligini taʼminladi. Bu galgi qabulda faoliyatini yanada kengaytirish uchun subsidiya ajratishlarida amaliy yordam soʻragan Fotimaxonning bu masalasiga ham ijobiy yechim topildi.
Xuddi shunday murojaatlar asosida 51 nafar xotin-qiz oʻz mutaxassisliklari boʻyicha ishga joylashtirildi. Aytaylik, Fargʻona huquqshunoslik kollejini bitirgan Oʻgʻiloy Abduqahhorova Fargʻona tumanidagi Aholi bandligiga koʻmaklashish markazida yordamchi inspektor vazifasida ish boshladi.
Qoʻshtepalik Nodira Ergasheva esa tuman Bandlikka kumaklashish markaziga, yozyovonlik Qanoatxon Isaqova Yozyovon tumani tibbiyot birlashmasiga ishga qabul qilindi.
Xalq taʼlimi vazirligi masʼullariga murojaatlardan soʻng Fargʻona davlat universiteti bitiruvchisi Bahrom Asronov Fargʻona tumanidagi 58 sonli maktabning psixologiya fani oʻqituvchisi, bir yildan beri ishsiz yurgan oliy maʼlumotli oʻqituvchi Zokirjon Asrorov esa Fargʻona tumanidagi 23-umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori oʻrinbosari sifatida ish boshladi.
Bu yilgi ommaviy qabullar va Xotira va qadrlash kuni bayrami ota-onasidan ajralgan qoʻshtepalik 22 yoshli Jasur Tojiboyev, uning opasi va ikki jiyani hayotida unutilmas quvonch bilan umrbod esda qoladigan boʻldi. Ular ancha vaqtdan beri ijarama-ijara sarson yurgandi. Jasurning murojaatidan soʻng ularga tumanning Istiqbol mahallasidagi koʻp qavatli uylardan uch xonali shinam ijtimoiy xonadonajratib berilgach, toʻrt insonning qalbi tongdek yorishdi.

Ha, insonning oʻz boshpanasiga ega boʻlishi — katta davlat, uyning tomi butun boʻlishi esa tinch-osuda hayot omili, degani. Fargʻona shahri Qirguli mavzesidagi koʻp qavatli uyda yashovchi Sanjarbek Abdullayev ommaviy qabulda 4-qavatdagi xonadonidan chakka oʻtishidan shikoyat qilgan edi. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi masʼullari bu shikoyatni joyiga chiqib oʻrgangach, uy tomi taʼmirlandi. Muammo hal qilindi.
Muloqotlar davomida elektr taʼminoti tizimidagi koʻplab masalalarga ham joyiga chiqib oʻrganilgach, yechim topildi. Aytaylik, buvaydalik Muhsinjon Mamaziyoyev arizasi asosida “Buvayda” mahallasi “Ziyo” koʻchasidagi, Abdusalom Kamolov shikoyati tufayli Buvaydaning “Bogʻ mahalla”si “Bogʻ” koʻchasidagi, bogʻdodlik Abdurasul Azimqulovning Prezident virtual qabulxonasiga yoʻllagan arizalari asosida esa tumanning “Chek Mirzaobod” qishlogʻidagi eskirgan, qoʻlbola simyogʻochlar zamonaviy beton tayanchlarga almashtirilmoqda.
Fargʻona tumani “Sanoat” mahallasida 100 dan ortiq xonadonga xizmat koʻrsatuvchi mana bu transformator ham ancha charchab qolgan ekan. Shu mahallalik Shukurjon Shokirov ommaviy qabulda ayni shu masalaga yechim izlab kelgan edi. Murojaat joyiga chiqib oʻrganilgach,mutaxassislareski transformatorni taʼmirlab berdi. Bir ariza asosida yuz xonadonning muammosiga birvarakayiga yechim topildi.
Qoʻshtepa tumanidagi “Sarmozor” mahalla fuqarolar yigʻini aholisi murojaatlari asosida hududdagi tuproq yoʻllarga shagʻal yotqizildi.
Ommaviy qabullarda Oliy sud va Sudyalar oliy kengashiga kelib tushgan 471 ta masalaning 196 tasi, Bosh prokuratura masʼullari koʻrib chiqqan 383 ta ariza-shikoyatning 177 tasi, Ichki ishlar vazirligi tizimiga oid 263 ta murojaatning 114 tasi joyida hal qilinganiga guvoh boʻlarkanmiz, Prezidentimizning “Inson qadri ulugʻlangan yurtda, tinchlik va farovonlik, ahillik va baraka albatta barqaror boʻladi” degan soʻzlari mazmun-mohiyatini yana bir karra anglagandek boʻldik.
Murojaatlar asosida jinoyat ishlari boʻyicha 14 ta tuman-shahar sudlari tashkil qilgan sayyor sud majlislarida 72 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan oldin shartli ozod qilindi. Taraflar yarashganligi munosabati bilan 49 nafar shaxsga oid jinoyat ishlari tugatildi. Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 59 nafar voyaga yetmaganga aliment undirish boʻyichasud buyrugʻi chiqarildi. Muloqotlar davomida 24 ta ariza Oliy sudda kassatsiya tartibida hal qilish uchun qabul qilindi.
Fargʻona tumanida yashovchi Adhamjon Mallayev oʻziga tegishli 9 sotix yer uchastkasiga egalik huquqini saqlab qolish uchun ancha kurashdi. Nihoyat masala sud tartibida hal qilindi. Fargʻona tuman maʼmuriy sudi shu qabulning oʻzida bu ishni koʻrib, uning foydasiga qaror chiqardi.
Fargʻona tumanida yashovchi Hasanxon Abdullayev esa bu galgi ommaviy qabulga Prezident virtual qabulxonasiga yoʻllangan murojaatlari asosida adolat qaror topgani, qariyb 50 insonning muammosi hal qilingani uchun minnatdorlik bildirish uchun keldi.
Gap shundaki, bu insonlar “Qoʻrgʻontepa” suvomboriga tutash hududda sholi yetishtirish bilan shugʻullangan, biroq Fargʻona tuman hokimligi 2018-yili bu hududni “tuman zaxirasida” deb bir tadbirkorga foydali qazilmalarni qazib olish uchun ajratib bergan. Biroq tadbirkor bu yoʻnalishda faoliyat olib bormagan.Kamiga oʻrganishlar bu hudud 2012-yili “Qoʻrgʻontepa” suv omboriga muhofaza zona sifatida ajratib berilganini, hech qachon tuman zaxirasiga olinmaganini koʻrsatdi.
Yaqinda Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi sudga ariza bilan murojaat qilgach,Fargʻona tumanlararo iqtisodiy sudi bu ishni koʻrib chiqib, javobgar tomonga berilgan litsenziyanibekor qilish haqida hal qiluv qarorini chiqardi. Shu bois Hasanxon Abdullayev bu galgi qabulga shikoyat emas, minnatdorlik xati bilan keldi.
Margʻilonlik tadbirkor Ziyodilla Nurmatovning“Yasnur tex” xususiy korxonasi bankdan kattagina kredit olgan, biroq kredit foizlarini vaqtida toʻlay olmagan edi. Bank vakillari Margʻilon tumanlararo iqtisodiy sudiga murojaat qilgach, undiruv garovdagi mulklarga qaratiladigan boʻlib qoldi. Tadbirkor esa qarzlarni toʻlash uchun muddat soʻragach, sud ikki tomonni murosaga chaqirdi, kelishuv taklif qildi. Tomonlar muzokara stoliga oʻtirgach, gap bir joydan chiqdi va ular mediativ kelishuvtuzishdi.
Mana bu jamoaviy murojaatda esa Fargʻona shahridagi Koreya xalqaro universiteti maktabgacha taʼlim yoʻnalishining 3-bosqichida taʼlim olayotgan 77 nafar talaba va ularning ota-onalari oʻquv reja va fan dasturlari oʻrtasidagi farqning huquqiy yechimini topishda, toʻlov-kontrakt summasi, diplom olish bilan bogʻliq muammolarini hal qilishda amaliy yordam soʻramoqda.
Murojaatdan soʻng Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi masʼullaridan iborat maxsus komissiya tuzilib, viloyatga chaqirildi. Ular universitet rahbariyati, pedagoglar va talabalar bilan mazkur masalani muhokama qilib, jamoaviy masalaga yechim topishga kirishdi.

Bosh prokuratura masʼullariga murojaatlardan soʻngjinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish toʻgʻrisidagi12 ta, jinoyat ishini toʻxtatish haqidagi 3 ta, jinoyat ishini tugatish boʻyicha2 taqarorlarbekor qilindi, yerlarni talon-toroj qilish bilan bogʻliq bittaholat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi,tegishli davlat idoralarining 8 ta noqonuniy huquqiy hujjatlarini bekor qilish va qonunga muvofiqlashtirish toʻgʻrisida protestlar keltirilishi taʼminlandi. Qabullar davomida 46 nafar murojaatchi ayolga 234 mln. soʻmlik aliment toʻlovlari undirib berildi.
Ichki ishlar vazirligi masʼullariga shikoyatlar asosida 9 nafar murojaatchining tergovga qadar tekshirish hujjatlari va jinoyat ishlari yuqori tergov organlari ish yurituviga oʻtkazildi. Mazkur ishlar boʻyicha tergovga qadar tekshirish va tergov harakatlari olib borgan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvlari tayinlandi.25 ta jinoyat ishini qoʻzgʻatish rad etilgan tergovga qadar tekshiruv hujjatlari, tugatilgan 5 ta jinoyat ishi qarorlari bekor qilindi.
Qoʻqonlik Ravshan Omonovning xonadonida sodir etilgan oʻgʻirlik boʻyicha olib borilayotgan jinoyat ishi, Buvayda tumanida 11 yildan buyon 70 dan ziyod fuqarolar shikoyatlariga sabab boʻlgan bozor buzilishi bilan bogʻliq yana bir jinoyat ishi vazirlik ish yurituviga olindi. Dangʻaralik Iqbol Mirzayunusovga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi adolatli va har tomonlama koʻrib chiqish uchun Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi yurituviga oʻtkazildi.
Ariza-shikoyatlar tahlilidan soʻng viloyat ichki ishlar tizimida jinoyat ishlari yurituvi sifatini, hududiy tergovchilarmalakasini oshirish, tergovdagi xatolarni keskin kamaytirish maqsadida Ichki ishlar vazirligining30 nafar malakali tergovchilaridan iborat ishchi guruh Fargʻona viloyatiga jalb etildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 41 nafar fuqaroga fuqarolik va xorijga chiqish pasportlari bepul rasmiylashtirib berildi, turmushida tazyiq va zoʻravonlikka uchragan 15 nafarayolhimoya orderi bilan taʼminlandi.
Kadastr agentligi masʼullariga murojaatdan soʻng Toshloq tumani Turvat mahallasi Tinchlik koʻchasi 63-uyda yashovchi Barchinoy Asqarovaning oʻz hovlisi uchun kadastr hujjatini tayyorlatish bilan bogʻliq 10 yillik muammosi hal qilindi. Ariza asosida Fargʻona viloyati davlat arxividan Barchinoy Asqarovaga 1991-yili uy-joy qurish uchun yer ajratishga oid hujjat topib berilib, shu asosda hovlining kadastr pasporti tayyorlab berildi. Ayolning oilasi ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgani inobatga olinib, hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq toʻlovlar ham ichki imkoniyatlar hisobidan qoplandi.
Viloyat hokimligi masʼullari asosan iqtisodiy-ijtimoiy sohalarga oid 359 ta masalaning 71 tasini joyida hal qildi. Aholi uchun boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalari tashkil qilindi.
Umumlashtirib aytganda, davlatimiz rahbarining alohida topshirigʻi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Fargʻonadagi olti kunlik ommaviy qabullarida viloyatning barcha hududi aholisi qamrab olindi. Ochiq-jonli muloqotlarda 2 ming 649 ta masala koʻrib chiqilib, ularning 1 ming 118 tasi joyida hal qilindi. 594 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan boʻlsa, 937 ta murojaatni hal qilish boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, nazoratga olindi.
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring