Olti harbiyning ibratli tashabbuslari
14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Toshkent viloyatining barcha hududlarida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda. Bunda yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda yurtga muhabbat, jismoniy barkamollik gʻoyalarini mustahkamlash asosiy oʻrin tutyapti. Ayni chogʻda xalqimiz jasorati timsoli boʻlmish Qurolli kuchlarimiz harbiy shayligi va salohiyati bilan tanishtirish ham birlamchi vazifa qilib belgilangan.

Xususan, “Vatanparvarlik oyligi” doirasida “Hech kim mehrdan chetda qolmaydi” shiori ostida amalga oshirib kelinayotgan ezgu tashabbuslar alohida eʼtiborga loyiq. Bu borada Chirchiqdagi Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli harbiy qismlar shaxsiy tarkibi alohida oʻrnak koʻrsatmoqda.
Shu oʻrinda harbiy zobitlar Shodmon Nurullayev, Azizbek Mamajonov, Karimjon Namonov, Uchqunbek Majidov, Bobomurod Oʻrozov, Burxon Muhammadiyevlarning olijanob ishlari alohida tahsinga loyiq ekanligini taʼkidlash joiz. Zero, ular shahardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam koʻrsatish, qarovchisiz qolgan keksalar holidan tez-tez xabar olish, “Temir daftar”ga kiritilganlarga moddiy va maʼnaviy koʻmaklashish kabi vazifalarni oʻzaro taqsimlab, sidqidildan bajarib kelmoqda.
Bugun esa ular yana bir xayrli ishga qoʻl urishdi. Chirchiqdagi 14-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilaridan bir guruhini Toshkentdagi “Gʻalaba bogʻi”ga sayohatga olib kelishdi.

—Bugungi sayohat bir umr yodimda qoladi, — deydi, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Kristina Gaynulina koʻzlarida yosh bilan. — Darsliklarda oʻqiganimiz — bobolarimizning Ikkinchi jahon urushida koʻrsatgan jasoratlarini bu yerdagi eksponatlar misolida oʻz koʻzimiz bilan koʻrdik. Shunda yurtga boʻlgan muhabbatimiz yana-da ortganini his qildik. Bugungi tinch-osuda hayotimizni har tomonlama qadrlashimiz lozimligini yana-da chuqur anglab yetdik.
— Bu yerdagi har bir manzara kishini nihoyatda hayajonga soladi, — deydi, Mehribonlik uyining 11-sinf oʻquvchisi Javohir Esonov. — Albatta ajdodlarimiz koʻrsatgan mislsiz mardliklar har birimiz uchun ibrat maktabidir. Mehribonlik uyida olgan nazariy bilimlarimiz bizda ona-Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻularini shakllantirgan. “Gʻalaba bogʻi”dagi oʻtmishda bobolarimizning bosqinchi yovlarga qarshi olib borgan mardonavor kurashini aks ettiruvchi koʻrgazmalar ona-yurtimizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash biz uchun ham qarz, ham farz ekanligini bir umr ongimizga muhrladi.
Viloyatda “Vatanparvarlik oyligi” doirasi oʻtkazilayotgan tadbirlarning yoshlar hayotida tutgan oʻrni mana shunday beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.
Shodiyor MUTAHAROV,
(“Xalq soʻzi”)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring