Olmosga ham ishlov kerak

11:46 24 Noyabr 2021 Jamiyat
781 0

Foto: Халқ сўзи

Olmos – Yer yuzidagi kamyob minerallardan hisoblanib, ishlov berilsa, uning bahosi yanada oshadi. Biroq ishlov berilmasa, aytarlik qiymatga ega emas.

Xuddi shunday, har bir milliy iqtisodiyot ishlab chiqarishida jamiyat intellekti yoppasiga ishtirok etsagina, oʻsha mamlakatda taraqqiyot barqarorligi taʼminlanishi isbot talab etmaydigan haqiqat. Buning uchun, albatta, jamiyatning oʻzi tabiiy va mehnat resurslari kabi taraqqiyot omillarini keyingi oʻrinlarga surib, inson intellektiga eʼtiborni ustuvor tutmogʻi lozim.

Mamlakatimizda taʼlim-tarbiya sohasida soʻnggi yillardagi islohotlar ayni maqsadlarni nazarda tutib, uning ilk boʻgʻini – maktabgacha taʼlim tizimidagi tub takomillashuv birinchi navbatda inson kapitaliga eʼtibor qaratilayotganligini dalillaydi.

– Oʻtgan asrning toʻqsoninchi va undan keyingi yillarni solishtiradigan boʻlsak, bolalarni maktabgacha taʼlim tizimiga qamrab olish muttasil ravishda kamayib borganligini kuzatamiz, - deydi Navoiy viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi boshligʻi Oʻtkir Tillayev. – Qolaversa, u davrdagi tizim bugungi kun talablariga mutlaqo javob bermasligi kunday ravshan. Sababi, oldingi bogʻcha koʻrinishidagi maktabgacha taʼlim muassasalari ijtimoiy band ota-onalarning farzandlarini asosan ish paytida qarovsiz qolmasligini taʼminlashga qaratilgan tizim edi. Boshqacha aytganda, ushbu muassasalar faqatgina enagalik vazifasini bajarib, taʼlim va tarbiya masalasida har qanday masʼuliyatdan yiroq edi. Buning asoratlari, mana, oradan qariyb chorak asr vaqt oʻtib, yaqqol koʻzga tashlanib qoldi.

Mamlakatimiz Prezidentining 2017-yil 30-sentyabrdagi «Maktabgacha taʼlim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida«gi Farmoni sohada mutlaqo yangi davrni boshlashga turtki berdi. Shu asosda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida maktabgacha taʼlim tizimida boshqaruv mexanizmi tubdan takomillashtirildi, nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish tizimi isloh qilindi, oʻrta va oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish choralari koʻrildi. Va nihoyat, mazkur muassasalarda bolalarning jismoniy va aqliy-maʼnaviy kamolotiga uygʻunlikda eʼtibor qaratish tadbirlari belgilandi.

Ushbu yangilanishlar epkini Navoiy viloyatida ham tizim faoliyatiga daxl etib, bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olish koʻrsatkichi yildan- yilga oshib bormoqda. Misol uchun, davlat va nodavlat MTTlari soni 2017-yilda bor-yoʻgʻi 132 ta boʻlgan boʻlsa, bugunga kelib bu koʻrsatkich 1069 tani tashkil qilmoqda. Qamrov esa 34,1%dan 83,1%ga yetkazildi. Joriy yilda viloyat boʻyicha Investitsiya dasturi asosida 7 ta davlat MTTni yangidan qurish va rekonstruksiya qilish uchun 26,8 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Natijada 2 ta MTT yangidan qurilib, 210 ta, 5 ta MTT rekonstruksiya qilinib, 540 oʻrinli qoʻshimcha quvvat yaratildi.

Sohaga nodavlat MTTlarining ham jalb etilishi bolalarning qamrov darajasini oshirish bilan birga sogʻlom raqobat muhitini ham shakllantirmoqda. Viloyat boʻyicha birgina joriy yilning oʻzida 10 ta davlat- xususiy sherikligi asosida MTT foydalanishga topshirilishi 1360 nafar bola, 214 ta oilaviy MTT tashkil etilishi esa chekka va olis hududlardagi 5350 nafar bogʻcha yoshidagi bola qamrab olinishiga imkon yaratdi. Misol uchun, Navbahor tumanidagi “Jasur oʻgʻlonlar” nodavlat MTTda bugun 6 guruhda 180 nafar oʻgʻil-qiz taʼlim-tarbiya olmoqda. Maskanda mashgʻulotlar “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturi asosida olib boriladi.

– “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturi boʻyicha bolalarga besh yoʻnalish boʻyicha taʼlim-tarbiya berib, ularni maktabga tayyorlaymiz, - deydi “Jasur oʻgʻlonlar” nodavlat MTT direktori Zarifa Boboxolova. – Shuningdek, muassasamizda bolalar rus, ingliz tillarini, mental arifmetikani oʻrganishadi. Aerobika, shaxmat-shashka toʻgaraklarimiz mavjud. Dunyoni anglashga intilayotgan, qiziquvchan bolalarga motivatsiya berish uchun psixologlar mashgʻuloti va suhbatiga alohida eʼtibor qaratganmiz.

Viloyatda bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olishning yana bir koʻrinishi bu oilaviy nodavlat MTTlaridir. 2019-yilning 16-dekabrida qabul qilingan “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni asosida yoʻlga qoʻyilgan bu faoliyat bilan viloyatda bugun 787ta tadbirkorlik subyekti shugʻullanadi. Mazkur muassasalar tizimda bolalar qamrovini kengaytirishga xizmat qilish barobarida yangi ish oʻrinlarini yaratayotgani yana bir ahamiyatli jihatdir.

Bolani maktabgacha taʼlim tizimiga qamrashdan asosiy maqsad uning individual kamolotiga erishishdan iborat ekan, bunda sifat va samaradorlikning asosiy omili metodik taʼminotdir. Bu borada Respublika MTV tomonidan muassasalarning moddiy-texnika bazasini zamon talablariga moslashtirish, tizimda variativ dasturlar, bolalarni maktabga tayyorlash boʻyicha muqobil uslublarning ishlab chiqilishi, rivojlangan mamlakatlar tajribalarining tatbiq etilishi, faoliyat yuritayotgan pedagog kadrlarning oliy maʼlumotlilik darajasini oshirish, taʼlim sifati boʻyicha monitoring yuritish muhim oʻrin tutadi.

– Aynan hayotining ilk davrida bolaning jismoniy va ruhiy koʻnikmalari jadal surʼat bilan rivojlanadi, - deydi Navoiy viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi boʻlimi mudiri Latofat Rajabova. – Goʻdakligidan boshlab bolada ong, til, atrofni anglash, munosabatga kirish, muammolarni hal qila olish qobiliyatlari shakllanadi. Ushbu davrning bir kunini oʻtkazib yuborish kattalarning oʻn kuni bilan barobar, desam mubolagʻa emas. Chunki bolalar oʻrtasidagi oʻzlashtirish muhiti ular qobiliyatining shakllanish darajasi va surʼatiga bevosita taʼsir koʻrsatadi.

Bola qobiliyatini rivojlantirishning yana bir muhim omili ularning toʻgʻri va sogʻlom ovqatlantirishdir. Shu maqsadda viloyatda MTTlarini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari taʼminlash boʻyicha autsorsing tizimiga bosqichma-bosqich oʻtkazilmoqda. Shu kunga qadar viloyatdagi 12 ta MTT mazkur tizim asosida autsorsing korxonalari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanib, 2022-yilning 1-yanvaridan boshlab ularning sonini 60 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Koʻp bor taʼkidlanganidek, bugun bola tarbiyasida asosiy boʻgʻin maktabgacha taʼlim tizimi ekan, unda soha mutaxassislari salohiyati, tajribasi va zamon bilan hamnafasligi ayni zaruratdir. Shu maqsadda tizimning yuqori malakali tarbiyachilarini aniqlash, ragʻbatlantirish, ularning pedagogik mahorati va ijodiy qobiliyatini rivojlantirish, ilgʻor tajribalarni ommalashtirish, pedagogik faoliyatning nufuzini yanada oshirish, kasbiy faoliyatda sogʻlom raqobat va ijodkorlik muhitini yaratish yoʻlida anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” tanlovi oʻzaro tajriba almashish imkonini bermoqda.

Darhaqiqat, bugun maktabgacha taʼlim tizimida roʻy berayotgan oʻzgarishlar, aniqroq aytganda, oldinga siljish zamirida har bir farzand timsolida noyob iqtidorning kamol topishiga koʻmaklashish va unga zargarona ishlov berish kabi ezgu maqsadlar mujassam ekanini anglash qiyin emas.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер