Olmaotada yoʻlovchi avtobusi YTHga uchradi. Qurbon bor
Foto: “Zakon”
Qozogʻistonning Olmaota shahrida yoʻlovchi avtobusi YTHga uchradi. Hodisa oqibatida 25 nafar yoʻlovchi tan jarohati olgan, bir kishi voqea joyida vafot etgan. Bu haqda “Zakon.kz” xabar berdi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, yoʻl-transport hodisasi bugun, 26-iyun kuni soat 14:20 da Olmali tumanida sodir boʻlgan.

Politsiyaning aniqlik kiritishicha, KIA rusumli avtomobil haydovchisi Makatayev koʻchasidan oʻtayotib 18-raqamli yoʻlovchi avtobusi bilan toʻqnashib ketgan. Oqibatda avtobus boshqaruvi izdan chiqib, toʻsiqqa borib urilgan.
“Yoʻl-transport hodisasi tufayli 16 nafar yoʻlovchi tibbiy yordam soʻrab murojaat qilgan, yana bir yoʻlovchi hodisa joyida vafot etgan”, deydi Olmaota shahar politsiya boshqarmasi matbuot xizmati.

Shahar sogʻliqni saqlash boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, jabrlanganlarning soni yuqoridagi raqamlardan 9 nafarga koʻp, yaʼni 25 kishi. Ularning 22 nafari shahar kasalxonalariga yetkazilgan boʻlib, u yerda ularning barchasiga oʻrtacha darajadagi jarohatlar tashxisi qoʻyilgan.
Qoʻshimcha qilinishicha, jabrlanganlar orasida — 14, 15 va 16 yoshdagi uch nafar oʻsmir ham bor. Ular burun sinishi, tizza va qorin qismi koʻkarishlari bilan tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan.
“Hozirgi vaqtda bemorlarda tekshiruvlar oʻtkazilmoqda va barcha zaruriy davolash choralari koʻrilmoqda. Tekshiruvlardan soʻng kimga statsionar davolanish, yashash joyida ambulator yordam koʻrsatilishi aniq бўлади.», deyiladi shahar sogʻliqni saqlash boshqarmasi xabarida.
Avtohalokat yuzasidan jinoiy ish ochilgan, tegishli ekspertiza tayinlangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring