Olmaliqda besh tonnalik osh tayyorlanadi
Arxiv foto
Joriy yilning 24-oktyabrida Olmaliq togʻ-metallurgiya kombinati tashkil etilganligining 70 yilligi keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan hududda bir nechta tadbirlar oʻtkaziladi, deya xabar bermoqda korxona Axborot xizmati.
Dastavval bayram konserti boʻlib oʻtadi. Tadbir davomida Olmaliq togʻ-metallurgiya kombinati faxriylarini davlatimiz tomonidan koʻkrak nishonlari bilan taqdirlash marosimi oʻtkaziladi.
Shuningdek, maxsus qozonda besh tonna osh damlanadi. Milliy taomimiz 35 ming nafar xodim hamda Olmaliqdagi “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilariga ulashiladi.
Qolaversa, 25-26-oktyabr kunlari kombinat sport majmuasida korxonada ishlab chiqarilib, xorijga eksport qilinayotgan mahsulotlarning tarmoq yarmarkasi tashkil etiladi. Ushbu koʻrgazma mahalliy va chet ellik biznes-hamkorlar hamda mamlakatimizning ilmiy markazlari bilan kooperatsion aloqalarni kengaytirishga qaratilgan.
Shuning bilan birga hujjatli film va maxsus kitob tayyorlangan boʻlib, ularda korxona tarixi va bugungi kundagi faoliyati toʻgʻrisida qiziqarli maʼlumotlar berilgan.
Olmaliq togʻ-metallurgiya kombinati respublikamizning eng yirik sanoat korxonalaridan biri boʻlib, ishlab chiqarish quvvatlari Toshkent, Jizzax, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida joylashgan mis-molibdenli, qoʻrgʻoshin-ruhli va oltin-kumushli guruhlar zaxirasiga asoslangan. Kombinatda ishlab chiqarilgan oltin va kumush Londonning “Eng yaxshi taʼminotchi” qimmatbaho metallar bozor assotsiatsiyasining sifat belgisiga ega.
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring