Olis hududlar aholisining yillar davomida yigʻilgan muammolari yechildi
Foto: Халқ сўзи
Navoiy viloyati Konimex tumanidagi olis “Koʻkcha” mahallasida Boboniyaz Doʻstmuradov Nilufar Ahrorova bilan turmush qurganiga yaqinda uch yil toʻladi. Hademay farzandli boʻlishadi, biroq hamon qonuniy nikohlari yoʻq. Davlat xizmatlari agentligi Navoiy viloyati boshqarmasining mobil ofisi bilan mahallaga kelgach, yosh oila Konimex tumani FHDYO boʻlimi mutaxassisiga murojaat qilishdi.
— Toʻgʻrisi, boshim qotgan. Nikohdan oʻtay desam, pasportim yoʻq. Pasportimni olay desam, qarzim bor, — deydi B. Doʻstmuradov. — Yordamchi choʻpon edim, bir tunda ancha qoʻy yoʻqoldi. Bosh choʻponning ichki ishlarga murojaati bilan qarz uzilmaguncha pasportimni olib qoʻyishgan.
FHDYO boʻlimining amaliy yordami bilan yosh oilaning muammosiga yechim topilib, shu kuni ularning qonuniy nikohi qayd etildi.
Olis hududlarda bu kabi muammolar talaygina. Masalan, fuqaroning uyi bor, lekin mulk sifatida davlat roʻyxatiga olinmagan yoki doʻkon ochib, ajabtovur savdo ham qilib turibdi, ammo tadbirkorligini roʻyxatdan oʻtkazmagan. Ota-onalarining nikohsizligi tufayli “metrika”siz bolalar, shaxsni tasdiqlovchi yoxud ish stajini tasdiqlovchi hujjatlari yoʻqolgani sabab pensiyaga chiqolmay yurganlar qancha.
Toʻgʻrisi, ushbu muammolarning barchasida ham fuqarolarni beparvolikda ayblab boʻlmaydi. Misol uchun, “Koʻkcha”da yashovchi Zulxumor Sultonova farzandining oʻlim guvohnomasini olish uchun 2021-yilning iyul oyidan buyon sarson edi. Mobil ofisning sayyor qabulida bu hujjat unga rasmiylashtirilib berildi. Shuningdek, fuqaro Dildora Boyuzoqovaning farzandi “metrika”siz. Shu sabab MTTga joylashtirolmay boshi qotgan. Boisi qonuniy nikohdan oʻtmagan. Fuqaro oʻsha kuni mobil ofisga ham nikohdan oʻtish, ham farzandiga “metrika” olish uchun ariza tashladi.

Xullas, 1 yarim ming nafar aholi istiqomat qiladigan hududda davlat xizmatiga ehtiyoj ancha-muncha yigʻilib qolgan ekan. Shu kuni yillar davomida yechimini topmagan ellikka yaqin muammo joyida hal etildi. Faqatgina 72 yashar Imomboy Oʻngalovning murojaati boʻyicha huquqiy tushuntirish berildi. Yaʼni, otaxon turmush oʻrtogʻining tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi yoʻqolganligi sababli uni tiklashda yordam soʻragan edi. Onaxon Tojikiston Respublikasida tugʻilganligi sabab bu masala vaqt talab etishi I.Oʻngalovga tushuntirildi.
Mobil ofis Konimex tumanining yana bir choʻl hududi - Yangiqazgʻan ovulida ham sayyor xizmat koʻrsatdi. Ushbu manzilda ham aholining davlat xizmatiga boʻlgan ehtiyojlari asosida subsidiya masalalari, uy-joyga kadastr pasportini shakllantirish, bogʻchaga joylashtirish uchun navbatga qoʻyish, elektr energiyasi hisoblagichini qiyoslovdan oʻtkazish, diplom nostrifikatsiyasi va fuqarolik holati dalolatnomalari yozuviga oʻzgartirish kiritish boʻyicha arizalar qabul qilindi. Shuningdek, hududning ilk bor fuqarolik pasportini olish istagidagi oʻquvchilariga sayyor tartibda xizmat koʻrsatildi. Planshet orqali foto va barmoq izlari joyida elektron bazaga yuklanib, ID-kartalari shakllantirildi.
Mobil ofis jamoasi shu kuni ovul aholisining ijtimoiy- iqtisodiy muammolarini ham oʻrganib, yaxshi niyat bilan daraxt koʻchatlari oʻtqazishdi. Aslida ular olis hududlar aholisi qalbiga oʻsha kuni ezgulik niholini qadab, ishonch kurtaklari ochilishiga sabab boʻldi, desak yanglishmaymiz.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring