Olimlarimiz termitlarga qarshi kurashuvchi biologik qurilma yaratdi
Xiva shahrida termitlarga qarshi kurashda yangi yondashuv ishlab chiqildi. Xorazm Ma’mun akademiyasi olimlari tomonidan olib borilgan izlanishlar natijasida termitlar bilan samarali kurashish uchun yangi yem-xo‘rak va tuproq ostidan ishlov berish qurilmasi yaratildi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Axborot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, tayyorlangan yem-xo‘rak, “Metarhizium anisopliae” va “Baveriya tenella” zamburug‘lari aralashmasi va “Ferulla” o‘simligi poyasi yordamida ishlab chiqilgan. Yem-xo‘rak, nam va qorong‘i joylarda termitlar tomonidan uyasiga olib ketildi va zamburug‘lar ular orqali tarqalib, termit oilasida kasallikni keltirib chiqardi. Ushbu jarayonning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi, termitlarga qarshi biologik kurashni yanada samarali qilishga imkon yaratadi.
Shuningdek, hududdagi Yangi turmush mahallasidagi aholi xonadonlari uchun tuproq ostidan ishlov berish qurilmasi qo‘llanildi. “Ijektor” usuli yordamida termitlar tomonidan zararlangan uylar tuproq ostidan xavfsiz tarzda ishlov berildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, ishlov berilgan uylar termitlardan himoyalangan, ishlov berilmagan uylar esa termitlar tomonidan zararlangan.
Ushbu innovatsion yechimlar, termitlarga qarshi kurashda yangi davrni boshlash va binolarni samarali himoya qilishga yordam beradi. Bu yondashuv nafaqat Xiva, balki butun O‘zbekiston bo‘ylab termitlardan himoya qilishda muhim ahamiyatga ega.
Iqbol PARDAYEVA.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring