Olimlar: Chivinlar koronavirus tashuvchilari emas!
Chivinlarning koronavirusning tashuvchilari boʻlishi mumkinligi borasida olib borilgan tadqiqot natijalariga koʻra, bu hasharotlar kasallangan odamdan boshqa odamga COVID-19 ni tashib yurmaydi.
“Ilmiy xabarlar” jurnalida chop etilgan ushbu tadqiqotda aniqlanishicha, tabiatda koʻp uchraydigan uchta chivinlarning organizmida koronavirus koʻpaya olmaydi. Shuning uchun chivinlar COVID-19 bilan kasallangan odamni chaqqanda ham u kasallikni boshqa odamga yuqtirmaydi.
“Biz shuni koʻrsatib berdikki, koronavirus chivinlar organizmida koʻpaya olish qobiliyatiga ega emas va aynan shu sabab chivin infeksiyaga chalingan bemorning tanasidan qon soʻrib olganda ham virusni boshqa odamlarga tashimaydi” deb yozgan ushbu tadqiqot mualliflari.
Ushbu tadqiqot Jahon Sogʻliqni Saqlash Tashkilotining chivinlar virus tashuvchilari emas, degan bayonotini tasdiqladi.
“Koronavirus chivin chaqishi orqali yuqmaydi” degan edi JSST.
“JSST chivinlar virusni tashib yurmasligini taʼkidlagandi. Bizning tadqiqotimiz esa ushbu maʼlumotni tasdiqlagan birinchi ilmiy izlanish boʻldi” deydi mazkur tadqiqotda qatnashgan AQSHlik olim Stefen Higgs.
Koronavirusni hayvonlar tashib yurishi yoki unday emasligi hamon mavhumligicha qolmoqda. Koronavirusning kelib chiqishi borasidagi nazariyalardan biri ham hayvonlarga bogʻlangan boʻlib, bu pandemiyaning manbai Xitoyning Uxan shahridagi yovvoyi hayvonlar bozoridan sotib olingan koʻrshapalak boʻlganligi haqida fikrlar mavjud.
Shuningdek, yoʻlbarslar, mushuklar va itlar orqali ham koronavirus tarqalayotgani haqida ham xabarlar bor. Ammo odamlar orasida koronavirus tarqalishing umumiy hisobida bu hayvonlar orqali kasallikni yuqtirib olganlar soni juda ham kam miqdorni tashkil qiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring