Olima qiz mahallasida kutubxona ochdi

15:58 16 Avgust 2023 Jamiyat
909 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Shahnoza bolaligini juda yaxshi eslaydi: kitobga mehr qoʻygandi. Mahalladan chamasi 100 kilometrcha olisda joylashgan Buxoro shahriga yoʻl olgan otasining qoʻliga uzundan-uzoq roʻyxat tutqazar, padari buzrukvori u istagan badiiy kitoblarni keltirganida dunyoda undan baxtli kishi yoʻq edi.

Oʻzi mutolaa qilishni xohlagan kitob topilmaganida esa “Nega, mahallamizda kutubxona yoʻq”, degan fikr oʻyga toldirardi.

Yillar yeldek oʻtdi. Olot tumanidagi “Muxtor” mahallasida yashovchi Shahnoza Navroʻzova Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining filologiya fakultetida tahsil oldi. Magistraturani ham tugatdi. Keyin esa Turkiyada doktoranturada oʻqigani yoʻl oldi. Hozir xorijda ilmiy izlanish olib bormoqda. Ammo qayerda boʻlmasin, uning koʻnglini oʻzi tugʻilib oʻsgan mahallada kutubxona ochish istagi tark etmadi. Tuman hokimligi, tegishli tashkilotlarga murojaat qildi, ijtimoiy tarmoqlar orqali oʻziga xayrixohlar topdi. Savobtalab insonlar koʻmagi bilan nihoyat, joriy yilda mahallada kutubxona ochishga muvaffaq boʻldi.

Ushbu kutubxona mingdan ziyod kitob fondiga ega. Undan oʻzbek hamda jahon adabiyotining durdona asarlari oʻrin olgan. Muhimi, bu shinam goʻsha qisqa muddat ichida mahalladagi keksayu yoshning sevimli maskaniga aylandi.

— Hududimizda ikki yarim ming nafardan ziyod aholi yashaydi, — deydi mehnat faxriysi Qurbongul Avezova. — Mahallamiz viloyatning eng chekka manzillaridan sanaladi. Shu paytga qadar kutubxona yoʻq edi. Shahnoza qizimizning tashabbusi bilan ochilgan bu maskan nafaqat yoshlar, balki biz keksalarning ham boʻsh vaqtimizni mazmunli oʻtkazishga imkoniyat yaratdi. Men ham shu kutubxona aʼzosiman. Bu yerga kirgan kishining ketgisi kelmaydi.

Taniqli shotland yozuvchisi S. Smayls “Kitoblar keksalikda eng yaxshi doʻst, ayni paytda yoshlikning eng aziz rahnamosidir”, degan edi. Fransuz yozuvchisi, pedagogi Eduar Labule esa “Taraqqiyotning umumiy koʻlamida har bir xalqning oʻrni oʻsha xalq oʻqiyotgan kitoblarning soni bilan belgilanadi”, deya lutf etgan. Binobarin, kitobsevar qiz, boʻlgʻusi olima Shahnoza Navroʻzovaning bu tashabbusi yurtimiz mahallalari boʻylab qanot yozsa ayni muddao boʻlar edi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер