Oliy taʼlim muassasalarida sport tizimini takomillashtirish borasida muhim yondashuv

11:06 16 Aprel 2026 Jamiyat
157 0

Har bir mamlakatning taraqqiy etishi uchun muhim jihatlaridan biri hisoblangan sport sohasining rivoji bugungi kunda har doimgidan-da dolzarb hisoblanadi.

Yurtimizda sportga boʻlgan eʼtiborni yoshlarimizning dunyo chempionatlaridagi nufuzli sovrinlarni qoʻlga kiritganlaridan ham bilamiz, albatta. Qolaversa, sogʻlom turmush tarzi sogʻlom kelajak garovidir. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Har bir inson, har bir ota-onaning orzusi va niyati jismoniy va maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalashdir. Bunga esa jismoniy tarbiya va sportsiz erishib boʻlmaydi. Bir soʻz bilan aytganda sport – sogʻlom xalq, sogʻlom jamiyatning tayanch ustunidir”.

Davlatimiz rahbari raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya tizimini takomillashtirish hamda taʼlim muassasalarida sport muhitini kuchaytirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi muhim va dolzarb masalalarni oʻz ichiga olganligining dalilidir. Yoshlar tarbiyasi, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish va ijtimoiy faolligini oshirishda sportning oʻrni kabi mavzularda aniq mexanizmlar ishlab chiqishni oʻz ichiga olgan yigʻilishda ilgari surilgan fikrlar nafaqat mavjud yutuqlarni mustahkamlash, balki tizimdagi kamchiliklarni ochiq tan olib, ularni bartaraf etishga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻlib, bugungi globallashuv sharoitida har bir davlatning raqobatbardoshligi, avvalo, uning yosh avlodining jismoniy va maʼnaviy barkamolligida aks etishi bilan belgilanadi. Shu bois jismoniy tarbiya va sport masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Oliy taʼlim muassasalarida sport yoʻnalishidagi faoliyatni yanada kuchaytirish zarurati mavjudligi ham tanqidiy ruhda qayd etilib, ayrim oliy taʼlim muassasalarida sport infratuzilmasi yetarli darajada rivojlanmagani, mavjud sport inshootlaridan samarali foydalanish darajasi pastligicha qolishi, talabalarni sportga jalb etish tizimi koʻp hollarda formallikka aylanib qolayotgani, musobaqalar muntazam emasligi yoki keng qamrovli tashkil etilmayotgani ham muammolardan biridir. Prezidentimiz eʼtibor qaratgan jihat sport federatsiyalarining oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda ishlamasligi iqtidorli yoshlarni erta aniqlash, ularni professional sportga yoʻnaltirish imkoniyatini pasayishiga sabab boʻlmoqda. Shuningdek, iqtidorli talabalar bilan individual ishlash masalasida ham kamchiliklar mavjud. Xususan, yuqori natijalarga erishish salohiyatiga ega boʻlgan yoshlar uchun individual murabbiylar biriktirish tizimi yetarlicha rivojlanmagan. Bu esa ularning professional darajada oʻsishiga toʻsqinlik qiluvchi omillardan biri hisoblanadi. Holbuki, zamonaviy sport tizimida har bir sportchi bilan individual yondashuv asosida ishlash eng muhim talab hisoblanadi. Bu kamchiliklarning ochiq muhokama qilinayotgani va ularni bartaraf etish boʻyicha aniq vazifalar belgilanayotgani ijobiy holatdir. Bu tizimni yanada takomillashtirish, mavjud muammolarni bosqichma-bosqich hal qilishga imkon beradi. Davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida qaralayotgan va aniq strategik yondashuv shakllanayotgan sport sohasida oliy taʼlim muassasalarining rolini kuchaytirish, ushbu jarayonda nafaqat taʼlim maskani, balki yoshlar salomatligini mustahkamlash, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish va iqtidorli sportchilarni yetishtirish markaziga aylanishi dolzarb vazifadir.

Prezidentimiz bergan takliflarga koʻra, “mahalla – maktab – sport muassasasi – oliygoh” uzviy tizimi asosida yoshlarni sportga jalb etish, iqtidorli sportchilarni aniqlash va ularni professional darajada tayyorlash boʻyicha yangi mexanizmlar joriy etiladi. Sport toʻgaraklari faoliyati kengaytirilib, ularga tajribali murabbiylar biriktiriladi, sport yoʻnalishidagi talabalar esa dual taʼlim asosida amaliy murabbiylik faoliyatiga jalb etiladi. Shuningdek, “salomatlik balansi”, “sogʻlom hayot volontyorlari”, kross-fit kabi zamonaviy yoʻnalishlarni joriy etish tashabbuslari ham yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush madaniyatini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Sport sohasida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, ularni amaliyot bilan integratsiya qilish, sport tibbiyoti, fiziologiya, reabilitatsiya va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish ham ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻladi. Sunʼiy intellekt asosida sportchilar faoliyatini tahlil qilish, mashgʻulot jarayonlarini optimallashtirish kabi zamonaviy yondashuvlarni joriy etish orqali ilmiy salohiyatni oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Sport sohasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar sogʻlom, faol va raqobatbardosh jamiyatni shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Bunda oliy taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan sport toʻgaraklarining oʻrni muhim. Buxoro davlat pedagogika institutida yaratilgan shart-sharoitlar misolida ham koʻrib chiqish mumkin. Misol sifatida keltiradigan boʻlsak, bugungi kunda institutda faoliyat yuritayotgan “Talaba-yoshlar sport klubi”da futbol, voleybol, regbi-7, stol tennisi, yengil atletika, gandbol, dzyudo, shaxmat-shashka, badminton, chim usti xokkey, kurash kabi sport toʻgaraklarida qatnashib, oʻtgan davr davomida institut talabalari tomonidan jami 175 ta medallar qoʻlga kiritilgan boʻlib shundan, xalqaro musobaqalarda 11 ta (3 ta oltin, 4 ta kumush, 4 ta bronza), osiyo chempionatlarida 16 ta medallar (7 ta oltin, 4 ta kumash, 5 ta bronza), respublika miqyosida 148 ta (58 ta oltin, 52 ta kumush, 38 ta bronza)ni tashkil etadi. Yaqinda oʻtkazilgan “Vazir kubogi” doirasida ilk bor tashkil etilgan qizlar oʻrtasidagi chim ustida xokkey musobaqalarida talaba-qizlarimiz 3-oʻrinni qoʻlga kiritgani mazkur sport turi boʻyicha olib borilayotgan faoliyatning ilk natijasidir. Talaba-yoshlarimizning bu kabi yutuqlari barchamizni quvontirishi tabiiy, biroq bu kabi sohalarni yanada rivojlantirish, yoshlarning sport turlari boʻyicha muntazam shugʻullanishlarini tashkil qilish yuzasidan olib borilayotgan faoliyatimizni mustahkamlash yoʻlida doimiy harakatdamiz. Davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan mazkur islohotlar esa yoshlar oʻrtasida sportni ommalashtirish, sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish va yuqori natijalarga erishadigan sportchilarni tayyorlash borasida faollikni talab qiladi va Buxoro davlat pedagogika instituti mazkur islohotlar boʻyicha samarali ishlashda oʻz natijalarini koʻrsatadi.

Bahodir MAʼMUROV,

Buxoro davlat pedagogika instituti rektori,

pedagogika fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?