Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boshlandi

11:42 04 May 2023 Siyosat
482 0

Majlisda deputatlar “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqishyapti.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda suv xoʻjaligi tizimida jami 73 ta suv ombori va sel-suv ombori, 1 688 ta nasos stansiyasi, 49 ta GES va boshqa obyektlar mavjud. Suv xoʻjaligi obyektlarining aksariyat qismidan 40 yildan ortiq foydalanilmoqda. Bu esa ularni oʻz vaqtida taʼmirlash-tiklash va rekonstruksiya qilish hamda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash ishlarini amalga oshirish, texnik soz holatda saqlash hamda ularning xavfsiz va ishonchli ishlashini taʼminlashni talab qilmoqda.

Qonun loyihasi mamlakatimizdagi mavjud suv xoʻjaligi obyektlarini texnik soz holatda saqlash, ularning xavfsizligini taʼminlash va ulardan ishonchli foydalanishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasida gidrotexnika inshootlari xavfsizligini taʼminlashning asosiy prinsiplari, sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini taʼminlash sohasida xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan axborot almashish masalalari oʻz aksini topmoqda.

Deputatlarning qayd etishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi bilan maxsus davlat nazorati organining masʼuliyati va vakolati oshiriladi, inshootlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash-tiklash, konservatsiya qilish va tugatish ishlarida xavfsizlik boʻyicha nazorat kuchaytiriladi va tizimli tashkil qilinadi. Shu bilan birga, gidrotexnika inshootlarining xavfsiz va ishonchli ishlashi hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining xavfsizligi taʼminlanishiga erishiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер