Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlashga masʼul boʻlgan qoʻmitalari qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda

16:09 24 Fevral 2023 Siyosat
463 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlashga masʼul boʻlgan Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitalarining qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

Unda “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar koʻrib chiqilmoqda.

Jahongir Shirinov, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisi:

— 2022-yil 24-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan ilgari surilgan qator takliflar ham yangilanayotgan Konstitutsiyamiz matnida aks ettirildi. Xususan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatlarini aniqlashtirishga, shuningdek ularning hamkorlik mexanizmlarini yanada takomillashtirishga, jamoatchilik, parlament va deputat nazorati mexanizmlarini takomillashtirishga, ijtimoiy davlat prinsiplarini roʻyobga chiqarishning konstitutsiyaviy mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgan normalar kiritildi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi 6 turdagi ekspertizadan, jumladan: lingvistik, yuridik, gender-huquqiy, korrupsiyaga qarshi, jamoatchilik hamda inson huquqlari boʻyicha normalarga muvofiqligi boʻyicha ekspertizalardan oʻtkazildi.

Yangilanayotgan Konstitutsiya avvalambor ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb oʻzgartirish, yaʼni eng avvalo inson manfaatini har narsadan ustun qoʻyishni maqsad qilgan. Jumladan, Insonning davlat organlari bilan oʻzaro munosabatlarda yuzaga keladigan qonunchilikdagi noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi belgilanmoqda. Masalan, soliq qonunchiligida bir-biriga nomuvofiq boʻlgan normalar vujudga keldi. Bunday nomuvofiqlikni, tabiiyki, soliq organi davlat foydasiga, fuqaro esa oʻz foydasiga talqin qilishni xohlaydi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur kafolat esa, bunday bahsga nuqta qoʻyadi va nomuvofiqliklar davlatga emas, balki inson foydasiga hal etiladi deb qatʼiy belgilaydi.

Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini kuchaytirishga qaratilgan qoʻshimcha normalar kiritildi. Jumladan, davlatning fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilish va kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻrishga oid vazifalarini nazarda tutuvchi yangi modda kiritildi. Bundan tashqari, mazkur moddaga muvofiq, davlat fuqarolar bandligini taʼminlash uchun ularning kasbiy tayyorgarligi hamda qayta tayyorlanishini tashkil etishi va ragʻbatlantirishi nazarda tutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер