Oʻyib yozishdan aytib yozishgacha va husnixat
Yozuv — insoniyatni taraqqiyot sari yetaklagan eng muhim omillardan biri. Xususan, qadim zamonlarda qoyatoshlarga oʻyib yozilgan bitiklar ham maʼlum vazifani bajargan. Papirus va teriga yozib qoldirilgan maʼlumotlar hali ham qimmatini yoʻqotgani yoʻq.
Davrlar osha hamma sohada rivojlanish boʻlgani kabi yozuv vositalari ham takomillashib borgan. Qoyatoshlar, teri va papirus bargi oʻz oʻrnini qogʻozga boʻshatgan. Oʻyib yozuvchi vositalardan soʻng qamishqalam, patqalam, qalam, siyohdonli ruchka, avtoruchka, sharikli ruchka paydo boʻldi. Qolaversa, bu borada yozuv “mashinka”si ixtiro qilindiki, bu uskunaning klaviaturasi tez orada kompyuter uchun ham asqotdi.
Bugungi kunga kelib yangidan-yangi innovatsiyalar koʻpayib, texnika rivojlanib ketdi. Xususan, endilikda yozish vositalarining turi koʻp. Yaʼni, kompyuter, smartfon,noutbuk. Eʼtibor bersangiz, soʻnggi paytlarda ruchka va qogʻozdan ham kam foydalanilmoqda. Negaki, yozuvlar elektron shaklda yozilib, shu tarzda oʻqilmoqda, uzatilmoqda.
Kim biladi deysiz, bora-bora bugun oʻta zamonaviy deb baholanayotgan bu texnik imkoniyatlar ham eskirib, oʻrnini yanada qulay vositalar egallar. Shunday ham boʻladi, albatta. Masalan, hozir gapingizni bir yoʻla matnga aylantirayotgan dasturlar bor. Hali bu yangiliklar yanada mukammallashadi va insoniyatning ming yillar oldingi buyuk ixtirosi — yozuvni amalga oshiradigan yangi-yangi vositalar paydo boʻladi.
Ammo baribir qoʻl bilan ruchkada qogʻozga matn yozish eskirmaydi. Chunki bu husnixat degani. Husnixati chiroyli odamning fikrlash qobiliyati yuksak, tafakkuri teran boʻladi. Shundan boʻlsa kerak, Yaponiyada hamma hisobotlarni qoʻlyozmada qabul qilish joriy etildi.
Fotima JUMABOYEVA,
Mirzaobod tumani.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring