OIV muolajasi uchun zarur preparatlarning aksariyati davlat byudjeti hisobidan qoplanadi — Sogʻliqni saqlash vazirligi
Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi
Bugungi kunda odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV) insoniyat salomatligiga xavf soluvchi fojea deb hisoblash mumkin. Olimlar bu darddan nobud boʻlganlar soni va kasallikning iqtisodiy talafotlarini oʻrganib, uni jahon urushlaridagi ogʻir yoʻqotishlar bilan qiyoslaydi.
Maʼlumotlarga koʻra, ushbu infeksiya oqibatida kelib chiqadigan OITS epidemiyasi boshlangandan buyon dunyo boʻyicha 75 mln. kishi undan zararlandi va 32 mln. nafardan ortiq inson vafot etdi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tahlillariga tayansak, Yer yuzida yiliga oʻrtacha 2,5 million odam OIVni yuqtirib, ulardan oʻrtacha 1 million nafarga yaqini hayotdan koʻz yumadi.
Xoʻsh, bugun bu davosiz kasallikka qarshi kurashda yurtimizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori oʻrinbosari Gulifor Normuratova shu haqda maʼlumot berdi.
— OIV infeksiyasining oqibatlari bemorning oilasiga, jamiyatga katta ruhiy, iqtisodiy ziyon yetkazadi, — deydi mutaxassis. — Kechiktirib boʻlmaydigan tegishli choralar koʻrilmasa, odam immun tanqislik virusi keltirib chiqaradigan xastalik jadal rivojlanib, sayyoramizda iqtisodiy, ijtimoiy va hatto siyosiy inqirozni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu bois JSST tomonidan bemorlarni virusga qarshi davolash kasallikning bosqichidan qatʼiy nazar, u aniqlangan kundan boshlanishi zarur, deb tavsiya beriladi.
Yurtimizda OIV infeksiyali bemorlarning 79 foizi antiretrovirus muolajalar bilan qamrab olingan boʻlib, ular uchun zarur preparatlar xarajatlarining qariyb 80 foizi davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanmoqda. Qolgan 20 foizi esa xalqaro fondlar hisobidan toʻldiriladi.
Bunday bemorlarning muolajalarida uzilishlar boʻlishi OIVning antiretrovirus preparatlariga chidamli shtammlari paydo boʻlish xavfini keltirib chiqaradi. Shuning uchun ham davolanish boshlangach, bemor zarur dori vositalarini qabul qilishni toʻxtatib qoʻymasligi lozim. Buning uchun esa unga tegishli preparatlar taʼminotida uzilishlar boʻlmasligi kerak.
OIV infeksiyasiga qarshi qoʻllanadigan noyob dori vositalari mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydi. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davrida ularni yurtimizga olib kelishda qator muammolar yuzaga keldi.
Xalqaro aviaqatnovlar toʻxtatib qoʻyilgan shunday murakkab davrda ham davlatimiz tomonidan bu preparatlar charter reyslar orqali olib kelingani alohida eʼtiborga sazovor. Bundan tashqari, yurtimizda OIV infeksiyali onalardan tugʻilgan chaqaloqlarni 6 oylik boʻlgunga qadar sunʼiy sut aralashmalari bilan taʼminlash masalasi 2023-yilgacha hal etilgan.
Umuman, mazkur yoʻnalishdagi chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish va sohani takomillashtirish maqsadida alohida Davlat dasturi loyihasi tayyorlangan. Unga muvofiq, kelgusi yildan boshlab sunʼiy sut aralashmalarini xarid qilish, bemorlarni antiretrovirus dori vositalari bilan kasallik aniqlangan zahoti qamrab olish hamda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash ham koʻzda tutilgan.
Ushbu hujjat kelgusida OIVga qarshi kurash jarayonida davlat darajasida koʻriladigan chora-tadbirlar poydevori boʻlishi, shubhasiz.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring