Ohangarondagi xonadon tomorqasida kivi daraxti qiygʻoc gulga kirdi
Oʻzbek dehqoni doimo yangilikka intiladi. Uyqusida ham paxtazor va gʻallazorni kezadigan tanti kishilarimiz bor. Meva-sabzavot yetishtirishda oʻz tajriba maktabini yaratgan dehqonlar bilan koʻp suhbatlashganman. Bugungi innovatsion texnologiyalar rivojlangan davrda bogʻbonu sohibkorlarning qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirishda yangi uslublardan foydalanishi oddiy holatga aylandi. Hikoyamiz qahramoni Ortiq Ergashev ana shunday uddaburon dehqonlardan biri. U Ohangaronda kivi yetishtirishni boshladi. Bu bilan mamlakatimiz agrar tarmogʻiga oʻziga xos yangilik kiritdi.
Aslida ushbu subtropik oʻsimlikni Toshkent viloyatining oʻziga xos iqlim sharoitiga moslashtirishning oʻzi katta tahsinga loyiq tajriba. Shunday emasmi?!
Yangi Zelandiyaning oʻtloq va oʻrmonzorlarida yashaydigan tovuqsimon jonzot nomiga qoʻyilgan bu meva, bundan taxminan 80 yillar avval juda bemaza taʼmdagi eʼtiborsiz daraxt edi. Tinch okeanining janubi-gʻarbiy qismidagi bu mamlakatda istiqomat qiluvchi tajribali fermerlarining izlanishlari oqibatida, nordon, sersuv va yoqimli taʼmga ega boʻlgan mevaga aylandi. U dunyoning deyarli barcha mamlakatlaridagi xonadonlar dasturxonidan joy olgan.
Tinib-tinchimas dehqon Ortiq Ergashevning noyob tajribasi tufayli, endi bozorlarimizda kivi serob boʻladi. Chunki, hozir Ohangarondagi odmigina xonadon tomorqasida uning daraxtlari qiygʻos gulga kirdi.
— Kivi mevasini yetishtirishga bundan 3 yil oldin kirishgandim,-deydi Ortiq Ergashev. — Tajribam ish berdi. Koʻrib turganingizdek, daraxtlar gullayapti. Hademay mevaga oʻtiradi. Uning noyob xislatlaridan biri, 16, 18 daraja sovuqqa ham bardosh bera oladi. Agar barcha agrotexnik tadbirlar toʻgʻri olib borilsa, gektaridan 30-40 tonnagacha hosil olish mumkin.
Ortiq Ergashevning tomorqasida anor, uzum, olma, gilos, nokanjir, qora anjir, smorodina, malina, limon, hind nastarini va turli xil sabzavotlar ham yetishtirilmoqda.
—Bugungi pandemiya sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga hissa qoʻshish har bir dehqon va tadbirkorning burchidir,-deya soʻzini davom ettiradi Ortiq Ergashev. — Mamlakatimiz prezidentining bu borada ilgari surayotgan keng koʻlamli vazifalarini bajarish har birimiz uchun sharaflidir. Toki, mamlakatimiz bozorlari toʻkin-sochin, xalqimiz dasturxoni doimo fayzli boʻlsin! Bu borada hukumatimiz tomonidan dehqon-fermerlarga, tomorqa yer egalariga yaratilayotgan sharoitlar, yengil shartlarda ajratilayotgan kreditlar, soliq imtiyozlari bizlarni yana-da gʻayrat bilan ishlashga undaydi.
Shodiyor MUTAHAROV,
(Xalq soʻzi)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring