Ohangaronda tarbiyachi bogʻcha bolasini haqorat qilib, urdi
Videodan kadr
Ohangaron shahridagi maktabgacha taʼlim tashkiloti xodimining tarbiyalanuvchilardan biriga jismoniy kuch ishlatgani va haqorat qilgani aks etgan video tarqaldi. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi holat oʻrganilganini maʼlum qildi.
Oʻrganish natijalariga koʻra, mazkur maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbarining joriy yil 6-apreldagi tegishli buyrugʻi bilan tarbiyachi Sh.A. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
“Shu oʻrinda mamlakatimizdagi mavjud barcha maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagoglariga belgilangan odob-axloq qoidalari hamda kasb etikasi normalariga qatʼiy rioya etishlarini soʻrab qolamiz”, deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, xabarda tarbiyachilar maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiya topayotgan bolalarning nafaqat bilim va tarbiya olishlari, balki ularning ham jismonan, ham ruhan sogʻlom inson boʻlib kamol topishlariga masʼul ekani taʼkidlanib, ulardan lavozimlariga layoqatli boʻlish soʻralgan.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimdagi taʼlim tashkilotlarida taʼlim-tarbiya olayotgan bolalarning qonuniy huquqlarini himoya qilish hamda aybdorlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tegishli jazo choralari qoʻllanishida zarur ishlarni olib borishi qayd etilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring