Ochiq tanlovlar natijasida 2022-yilda 459 ta sudyalik lavozimiga tayinlovlar amalga oshirildi

20:22 05 Fevral 2023 Jamiyat
1374 0

Foto: Халқ сўзи

Bu haqda AOKAda Sudyalar oliy kengashi raisining oʻrinbosari Alisher Jalilov, shoʻba rahbari Nodira Boboxonova, Kengash aʼzosi Husniddin Kamolov, Kengash axborot xizmati rahbari Tursunali Akbarov ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyati organi boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasida sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishni taʼminlashga koʻmaklashadi.

Sudyalar oliy kengashi vazifalaridan kelib chiqqan holda:

I. Professional sudyalar korpusini shakllantirish, tizimni malakali, halol va pok kadrlar bilan toʻldirish, kadrlar salohiyatini oshirish yoʻnalishida:

sudyalarni tayinlash, joy-joyiga qoʻyish, vakant lavozimlarni toʻldirish boʻyicha ochiq va oshkora oʻtkazilgan tanlovlar natijasida 2022-yilda 459 nafar sudyalik lavozimiga tayinlovlar amalga oshirildi. Tayinlanganlarning 71 nafari sudyalik lavozimida boʻlishning birinchi 5 yillik, 169 nafari 10 yillik, 2 nafari muddatsiz davriga, 210 nafari vakolati muddatiga davriga qayta tayinlangan.

Ayni paytda Respublika boʻyicha sud tizimida sudyalik lavozimida ishlayotgan sudyalar soni 1317 nafarni tashkil etadi; Shundan 179 nafari ayol sudyalardir, ularning 25 nafari rahbar sudyalik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.

Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida 2022-yilda 75 nafar sudyalikka nomzod kasbga tayyorlanib, shundan 59 nafari ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlandi. Joriy oʻquv yilida sudyalar oliy maktabining sudyalik lavozimiga tayyorlash kurslarida 138 nafar tinglovchi tahsil olmoqda (Sudyalar oliy maktabi faoliyati boshlangandan buyon 207 nafar nomzoddan 179 nafari sudyalik lavozimiga tayinlangan).

Shu oʻrinda izoh: joriy yil 1-fevral holatiga sud tizimida vakant oʻrinlar soni soni bor-yoʻgʻi 14 tani tashkil etdi, oʻtgan (2022-yil) yili bu paytda vakant oʻrinlar soni 145 tani tashkil qilgan. 

II. Sudyalar daxlsizligini taʼminlash borasida:

2022-yilda odil sudlovga aralashish bilan bogʻliq 2 ta holat boʻyicha xizmat tekshiruvlari oʻtkazilib, natijalari boʻyicha Sudyalar oliy kengashi raisi tomonidan Bosh prokurorga kiritilgan taqdimnomaga asosan 1 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bundan tashqari xalq deputatlari mahalliy kengashlarining sudlarga turli vazifalar yuklash haqidagi 14 ta qarori bekor qilindi.

Shuningdek, “Sudyaning mustaqilligi va daxlsizligi. Sud ishiga aralashganlik uchun javobgarlik asoslari” qoʻllanmasi nashr qilindi. Shuningdek,oʻtgan yili Kengash tomonidan “Sudyalar odobi kodeksi” (tegishli oʻzgartishlar kiritilganidan soʻng oʻzbek, rus tillarida va lotin alifbosida), “Xalqaro huquq normalarining sudlar tomonidan qoʻllanilishi”, “Sudlar faoliyatida huquqni qoʻllash amaliyoti: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalari” qoʻllanmalari (ushbu qoʻllanma tegishli vazirlik qarori bilan oliy oʻquv yurtlari talabalari uchun darslik sifatida taviya etilgan),“Tadbirkorlar huquqi sud himoyasida” amaliy qoʻllanmasi, “Ibrat maktabi” rukni “Uch mashhur oʻzbek ayoli” va “Munosib yashamoq baxti” nomli badiiy publitsistik toʻplamlar nashr etildi.

2022-yili Kanadaning Ottava shahrida Sudyalar malakasini oshirish xalqaro tashkiloti ((IOJT) tomonidan oʻtkaziladigan xalqaro konferensiya yakunida Sudyalar oliy kengashi hamda Kengash huzuridagi Sudyalar oliy maktabi ushbu xalqaro aʼzoligiga qabul qilindi.

III. Sudyalarning masʼuliyatini oshirish maqsadida:

2022-yildan boshlab, Kengash va joylardagi sudlarning malaka hayʼatlari qoshida Sudyalar odob komissiyasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi;

Sudlikka nomzodlar va sudyalarning kasbga munosibligini baholashga koʻmaklashuvchi elektron psixologik test dasturi ishga tushirilib, 901 nafar sudyalar psixologik testdan oʻtdi.

Psixologik test natijalaridan kelib chiqib, joylarda sudyalar uchun psixologik treninglar oʻtkazib kelinmoqda.

Sudyalar faoliyati samaradorligini ochiq va shaffof baholash boʻyicha milliy elektron reyting baholash dasturi natijalari boʻyicha 2022-yilda odil sudlovni amalga oshirishda yuqori reyting koʻrsatkichga ega boʻlgan 20 nafar sudya joriy yilda “Ibratli sudya” mukofoti bilan taqdirlandi. Shuningdek, reyting natijalari koʻra, 646 nafar sudyaning faoliyati “namunali”, 339 nafar sudyaning faoliyati “yaxshi”, 141 nafar sudyaning faoliyati “qoniqarli”, deb baholandi.

Faoliyat koʻrsatkichi qoniqarsiz (56 balldan past) 30 nafar sudyaning malakasini oshirish boʻyicha kompleks choralar koʻrilmoqda.

Shuningdek:

Kengash huzurida amaldagi moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllash boʻyicha tavsiyaviy xarakterga ega boʻlgan maslahatlar hamda sudyalarning odob-axloq qoidalarini muayyan vaziyatlarda qoʻllanilishi yuzasidan soʻrovlariga tushuntirishlar berish vakolatiga ega boʻlgan jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi Sudyalar klubi faoliyat koʻrsatmoqda.

2022-yil davomida Sudyalar klubining elektron platformasida:

— iqtisodiy sudlar amaliyotida uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan 1350 ta;

— maʼmuriy sudlar amaliyotida uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan 850 ta;

— jinoyat ishlari boʻyicha sudlar amaliyotida uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan 904 ta;

— fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar amaliyotida uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan 2308 ta mavzu muhokama qilingan.

Muhokamalarda muayyan ishlar boʻyicha qonunchilikni qoʻllash muammolar hamda ularning huquqiy yechimlari, bu borada Oliy sud Plenumi qarori shaklida rahbariy tushuntirishlarga boʻlgan ehtiyoj va qonunchilikni takomillashtirishga oid takliflar oʻrtaga tashlangan.

IV. Ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik:

2022-yilda markaziy televideniye, yetakchi bosma va elektron nashrlarda Kengash faoliyatiga oid 440 ta matnli, 101 ta videomateriallar eʼlon qilindi. Shuningdek, 91 ta tanqidiy materiallar yuzasidan oʻz vaqtida rasmiy munosabat bildirildi:

Sudyalar oliy kengashi tashabbusi va Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) bilan hamkorlikda huquqiy mavzuga ixtisoslashgan jurnalist va blogerlar uchun ikki haftalik bepul oʻquv-mashgʻulotlari tashkil etildi. Yakunda unda faol ishtirok etgan 81 nafar jurnalist va blogerlarga maxsus sertifikat va “Sudlar faoliyatini yoritishning huquqiy asoslari va oʻziga xos jihatlari” nomli amaliy-huquqiy qoʻllanma taqdim etildi;

Kengash tomonidan huquqiy mavzuga ixtisoslashgan jurnalist va blogerlar uchun tanlov eʼlon qilindi. Uch yoʻnalishda (teleradio, bosma va internet jurnalistikasi, blogerlar) oʻtgan tanlov natijalariga koʻra, unda gʻolib deb topilgan 9 nafar OAV xodimlari va blogerlarga Kengashning maxsus sovrini va diplomlar topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер