Obod mahallalar koʻpayaversin!
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mahalla institutiga doimiy ravishda eʼtibor berib kelmoqda. Chunki odamlarning umri, tugʻilishdan soʻnggi kunlarigacha, ana shu makonda oʻtadi. Bunday eʼtiborning yorqin misoli sifatida respublikamizda mahalla va oilalar, yoshlar va keksalar bilan shugʻullanuvchi maxsus vazirlikning tashkil etilganligi hamda “Obod mahalla” dasturining amalga oshirilayotganligini koʻrsatib oʻtish lozim. Natijada mamlakatimizda hayot kechirish uchun har jihatdan qulay, gullab yashnayotgan mahallar soni kundan-kunga koʻpayib bormoqda.
Biz yaqinda Yurtboshimiz tashabbusi bilan bir yil avval Toshkent shahrida tashkil etilgan Yangi hayot tumanining Al-Fargʻoniy nomli mahallasida boʻldik. Mazkur mahallada 2330 ta oilada sakkiz ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Mahalla hududida Toshkent metallurgiya zavodi, plastmassadan zamonaviy eshik va romlar tayyorlovchi “IMZO” kompaniyasi kabi oʻnlab korxonalar, maktab va maktabgacha taʼlim muassasalari joylashgan. Koʻp qavatli turarjoy, kottejlar va maʼmuriy binolar qad koʻtarib turgan koʻchalar obod va toza, serqatnov yoʻl-yoʻlaklar ravon, MFY idorasining yangi binosi ishlash va turli tadbirlarni oʻtkazish uchun qulay.
“Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” va “Mahalla iftixori” koʻkrak nishonlari egasi, samarali mehnati uchun “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlangan mahalla fuqarolar yigʻinining raisi Nargizaxon Isoqovani suhbatga tortdik.
«Aholimiz Yangi hayot tumani tashkil etilganidan behad xursand, – deydi Nargizaxon Isoqova, – zero tumanning tashkil etilishi bilan davlat idoralari odamlarga yanada yaqinroq boʻlib, ular koʻtaradigan masalalarni hal etish tezlashadi. “Odamlar davlat idoralariga emas, davlat idoralari odamlarga xizmat qiladi” tamoyiliga toʻliq amal qilinishi uchun qulay sharoitlar yaratildi. Mahallamiz ahil, bir oila boʻlib yashashadi. Jinoyatchilik borgan sari kamayib bormoqda, oilalarda ajralish holatlari yuz bermasligi uchun barcha choralar koʻrilmoqda. Yaqinda Prezident saylovlarida faol ishtirok etib, baxtli kelajagimiz uchun ovoz berdik. Saylovda xalqimizning asl farzandi Shavkat Mirziyoyev gʻolib boʻlib, Prezidentlikka qayta saylanganligidan koʻksimiz togʻday koʻtarildi. Kelasi rejalarimizni ham muvaffaqiyatli bajarishimiz, bolalarimiz kelajagi uchun ishonchimiz yanada kuchaydi. Mana bugun mahallamizda shodiyona – Yangi hayot deb atalgan tumanimiz tashkil etilganligining bir yilligini nishonlayapmiz. Tadbirimizga xoʻsh kelibsiz!», – deb bizni “Buxoro” kafesiga taklif qildi...
Zalda mahalla faollari, nuroniylar, tuman hokimligi masʼul xodimlari, tadbirkorlar toʻplanishgan. Koʻtarinki ruhda oʻtgan anjumanda tuman hokimi H. Inogʻomov yigʻilganlarni tuman tashkil topganining bir yilligi bilan tabriklab, ortda qolgan davrda ayollar va yoshlarni ish bilan taʼminlash, maktabgacha taʼlim va oʻquv yurtlarida oʻquv-tarbiya masalalariga eʼtiborni kuchaytirish, hududni obodonlashtirish sohalarida qilingan ishlar, kelasi yil va yaqin kelajakdagi vazifalaru rejalar xususida soʻzlab berdi. “Nuroniy” jamgʻarmasi faoli, taniqli jurnalist Abdusamad Isoqov, respublika televideniyesining siyosiy sharhlovchisi Qobilbek Karimbekov va boshqalar tumanda amalga oshirilgan salmoqli ishlar uchun faollar, Q. Rahmatullayev kabi saxovatpesha tadbirkorlarga minnatdorlik bildirdilar. Milliy anʼanaga koʻra tumandagi oʻzgarishlarga katta hissa qoʻshgan faollarga ehtirom koʻrsatilib, toʻn kiygizildi. Tadbir ajoyib kuy va qoʻshiqlar bilan davom etib, barchaning kayfiyatini koʻtardi. Yurtimizda shunday obod mahallar koʻpayaversin!
Sobir Qurbonov, Nosir Toirov, Respublika “Nuroniy” jamgʻarmasi faollari.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring