Fototanqid: Obidalar ohini kimga aytsin?Obidalar ohini kimga aytsin?
Foto: Халқ сўзи
“Xalq soʻzi”ning 2021-yil 4-mart sonida Buxoro shahridagi noyob meʼmoriy obida – Abdulazizxon madrasasi sharqiy qismidagi devor bir qismining qulab tushgani haqida “Toʻrt yildan buyon «betob” devor» sarlavhali tanqidiy maqola eʼlon qilingan edi. Oradan roppa-rosa bir yil oʻtdi. Madrasa devori abgor holga tushganiga esa besh yil boʻldi.
Xoʻsh, vaziyat yaxshi tomonga oʻzgardimi? Afsuski, hozircha yoʻq. Qulagan devorning shundoq yonidan yoʻl ochilganini, kimlardir uyi, mehmonxonasini taʼmirlash uchun yuk mashinalarida qum, shagʻal olib oʻtganini, madrasa ortida noqonuniy axlatxona yuzaga kelganini aytmasa, ahvol oʻsha – oʻsha: 1651-1652-yillarda Abdulazizxon davrida Mirzo Ulugʻbek madrasasi qarshisida qad rostlagan, meʼmoriy nuqtayi nazardan “Moʻjizaning oʻzi”, degan bahoga munosib bu tarixiy obida nurab bormoqda.
Vaholanki, oʻshanda Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi masʼullari tezkor chora koʻrilmasa, bu madrasa qayta tiklanmas ahvolga kelib qolishi mumkinligini aytishgan, taʼmirlash – tiklash ishlari yuzasidan tayyorlangan dastlabki loyiha YUNESKO Umumjahon merosi markaziga taqdim etilganini bildirishgan edi. Qolaversa, tashqi taʼsirlar (qor,yomgʻir)dan asrash uchun madrasaning qulagan sharqiy devori qismi ustini yengil konstruksiya asosida yopish rejalashtirilayotganini maʼlum qilishgandi. Afsuski, bu ish ham qolib ketdi.
Maʼlum boʻlishicha, tarixiy yodgorliklarni taʼmirlashdagi asosiy muammo mablagʻ bilan bogʻliq. Lekin masalaning yana bir tomoni bor. Agar madrasa bugun emas, bir-ikki yildan keyin taʼmirlansa, hozirgiga qaraganda ikki-uch hissa koʻp mablagʻ sarflanishi tayin. Negaki, vaqt va tashqi taʼsirlar hech nimani ayab turmaydi.
Bu muammo hali kun tartibidan tushmay turib, shundoq roʻparadagi Mirzo Ulugʻbek madrasasi ham taʼmirtalab ahvolga tushgani guvohi boʻldik.
Istam Ibrohimov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring