OAV vakilari “NKMK” AJ 2025-yilda amalga oshirgan ishlar bilan tanishtirildi

13:36 16 Mart 2026 Jamiyat
220 0

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar boʻyicha OAV vakillari va jurnalistlar uchun matbuot anjumani oʻtkazildi.

Taʼkidlandiki, hisobot yilida “NKMK” AJ tomonidan 135,6 trln. soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, oʻsish surʼati 2024-yilga nisbatan 102,1 foizga teng demakdir. Mahsulot ishlab chiqarish hajmi esa 3,15 mln. troy unsiya oltinni, (2024-yilda bu koʻrsatkich 3,1 mln. troy unsiya) tashkil etgan. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 1,4 trln. soʻmlik mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarilib, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi doirasida 7,3 trln. soʻmlik mahsulot xarid qilingan.

Investitsiya dasturi doirasida 561 mln. dollarlik mablagʻ oʻzlashtirilib, yangi loyihalar va amaldagi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hisobiga 2 628 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.

— 2025-yil yakuni boʻyicha “Muruntov” konini oʻzlashtirishning V navbat 1-bosqich” investitsiya loyihasi toʻliq amalga oshirildi. — deydi “NKMK” AJ Bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Jahongir Hasanov. — 2-gidrometallurgiya zavodining sorbsiya va regeneratsiya sexlarida qoʻshimcha 30 ta sorbsion uskuna, quyultirish sexida 2 ta quyultirgich qurish, 16-nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish, maydalash sexining ikkinchi binosini kengaytirish va sexning ikkinchi navbati loyihasi asosida 33-tegirmon blokini montaj qilish ishlari olib borildi. “7-gidrometallurgiya zavodining qayta ishlash quvvatini kengaytirish” investitsiya loyihasi doirasida 2025-yilda zavodda yana 4 ta yangi maydalash tegirmoni ishga tushirildi.

Shuningdek, “Qoqpatas va Dovgʻiztov oltin konlarida maʼdan qazib olish (III navbati)” investitsiya loyihasi doirasida oʻtgan yilda 3-gidrometallurgiya zavodi biooksidlash sexida 9, 10-biooksidlash modullari, “Dovgʻiztov” konida uzunligi 1 900 metr boʻlgan davriy oqim texnologiyasi majmuasi ishga tushirildi. “Zarmitan konining quyi gorizontlarini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasi doirasida eng zamonaviy muhandislik inshooti – diametri 6,5 metr va chuqurligi 1 000 metr boʻlgan “Skipli” shaxta stvoli ishga tushirildi.

Mazkur natijalar korxonaning dunyo konchiligidagi mavqeini yanada mustahkamlab, bir qator reyting koʻrsatkichlarini yangiladi. Xususan, 2025-yilda “Sustainable Fitch” xalqaro reyting agentligi tomonidan “NKMK” AJga ʼ3ʼ darajasida va umumiy 51 ball bilan ilk bor korporativ ESG-reytingi berildi. ESG-reytingini berish uchun agentlik Kompaniyaning barqaror rivojlanish strategiyasi va tashabbuslari, korporativ boshqaruv amaliyotlari hamda uning ijtimoiy va ekologik taʼsirini ijobiy baholadi. “Fitch Ratings” hamda “S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentliklari “NKMK” AJning uzoq muddatli kredit reytingini “Barqaror” prognozi bilan “BB” darajasigacha oshirdi.

— Reytingdagi ijobiy oʻzgarishlar kompaniyaning mustahkam moliyaviy holati va faoliyatining barqarorligini aks ettiradi, — deya davom etadi. J. Hasanov.— Natijada London fond birjasida umumiy qiymati 500 mln. dollarga teng korporativ obligatsiyalar muomalaga chiqarildi va joylashtirildi.

Shuningdek, 2025-yilda raqamli rivojlanish darajasi boʻyicha reyting baholash natijalariga koʻra, “NKMK” AJ 98,7 ball koʻrsatkich bilan 33 ta xoʻjalik boshqaruvi organi oʻrtasida 1-oʻrinni egalladi. “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq korxonaning ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish boʻyicha 40 dan ortiq chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, “Raqamli 7-gidrometallurgiya zavodini yaratish” loyihasi doirasida zavodda texnologik jarayonlarni boshqarishning mavjud avtomatlashtirilgan tizimlari modernizatsiya qilindi va ular zavod operativ dispetcherlik boshqaruvining avtomatlashtirilgan tizimiga integrallashtirib, boshqaruv jarayonida sunʼiy intellekt texnologiyalari joriy etildi.

— Korxonamizda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini oshirish hamda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash yoʻnalishida 8 074 ta ichki idoraviy hujjat loyihalari korrupsiyaga qarshi huquqiy ekspertizadan oʻtkazildi, — deydi “NKMK” AJ kompleans xizmati boshligʻi Rustam Avezov. — Natijada 1 478 ta funksiya baholanib, shundan 1 ta “yuqori”, 19 ta “oʻrta” va 1 458 ta “past” darajadagi xavf-xatarlar aniqlandi hamda ularni oldini olish va bartaraf etish yuzasidan 14 ta banddan iborat chora-tadbirlar dasturi ijrosi toʻliq taʼminlandi. Shuningdek, kombinatda faoliyat yuritayotgan 5 499 nafar boshqaruv xodimlaridan yillik ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiya toʻldirtirildi.

Matbuot anjumanida OAV vakillari va jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер