Nurotalik logopedning salkam 28 million soʻmlik qoʻshimcha ish haqi undirib berildi
Foto: Illustrativ surat
Muborak Jumayeva sohaga 2018-yil kirib kelgan oʻqituvchilardan. U ayni kunlarda Nurota tumanidagi 18-umumtaʼlim maktabida logoped boʻlib ishlaydi. Muborakning mehnat faoliyati Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 20-avgustdagi “Oʻqituvchilar va oʻquvchilar turmushi moddiy sharoitlarini yaxshilashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga mos kelganligi sababli qoʻshimcha haq toʻlanishi kerak.
— Yaʼni, Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori 2-bandida 1997-yil 1-sentyabrdan boshlab bevosita oʻquv-tarbiya jarayonlari bilan bogʻliq rahbar xodimlarning, jismoniy yoki aqliy rivojlanishida kamchiligi boʻlgan bolalar va oʻsmirlar uchun maxsus oʻquv-tarbiya sinflari (guruhlari)dagi alohida ish sharoitlari uchun pedagog xodimlar, psixologlar va ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining stavkalari hamda oylik lavozim maoshlariga qoʻshimcha haq 2 baravar oshirilishi nazarda tutilgan, — deydi Nurota tuman adliya boʻlimi boshligʻi Umid Suvonov. — Ammo 18-sonli umumtaʼlim maktabi maʼmuriyati logoped oʻqituvchi boʻlib ishlab kelgan M. Jumayevaga 2019-yil sentyabr oyidan hozirgi kunga qadar ushbu qoʻshimcha haqni toʻlamagan.
Muborak Jumayevaning mazkur holat boʻyicha murojaati tuman adliya boʻlimi tomonidan oʻrganilib, adliya idorasining tuman XTB boshligʻi nomiga kiritgan taqdimnomasi asosida oʻqituvchining salkam 28 million soʻm miqdoridagi qoʻshimcha ish haqi toʻlab berilishi taʼminlandi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring