Nurotada lavandazor barpo etilmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Umumiy qiymati 2,5 mln. AQSH dollari boʻlgan ushbu loyihaning birinchi bosqichida 1 million dollar yoʻnaltirilib, 500 gektar yer maydonida lavanda koʻchatlari ekiladi.
— Parfyumeriya sanoati uchun qimmatli xomashyo – lavanda tarkibi 1,2-2,3 foiz atrofida efir moyiga ega boʻlgan butasimon oʻsimlik, – deydi Nurota tumani hokimi oʻrinbosari Fozil Yodgorov. — Lavandani ekishdan oldin biz “Chuya” MFY hududidagi qariyb 1,5 ming gektar yerning tuprogʻi holatini oʻrgandik. Hech qachon paxta ekilmagani, tuproqning ekologik tozaligi haqidagi maʼlumotlar asosida 500 gektar yer tanlab olindi.

Taʼkidlash joiz, lavandaning oʻziga xos xususiyatlari bor. Eng avvalo, u suvsizlikka chidamli boʻlib, yil davomida sugʻorish shart emas. Shuningdek, bir marta ekilgan koʻchatlar 30-50 yil hosil berar ekan. Undan olinadigan bir litr yogʻ esa dunyo bozorida 20-100 dollar miqdorida baholanadi.
Lavandaning xushboʻy hidi tushkunlikdan xalos boʻlishda samarali vosita. Uning guli va bargidan ham shifobaxsh choy tayyorlash mumkin.
— Loyihaning ikkinchi bosqichida 1,5 mln. dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritilib, u “FHH GARDEN FLOWER” MCHJ tomonidan amalga oshiriladi, — deydi Nurota tuman hokimining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosari Ravshan Azimov. — Har ikki bosqich toʻliq amalga oshirilishi tufayli jami 30 ta doimiy va 220 ta mavsumiy ish oʻrinlari yaratish koʻzda tutilgan.
Lavanda issiqsevar, qurgʻoqchilikka chidamli oʻsimlik va 30 daraja sovuqqa chidaydi. Uch yildan keyin koʻchatlar orasiga boshqa ekinlar ekib ham, hosil olish mumkin. Lekin Nurota sharoitida suv tanqisligi hamda lavandadan keladigan daromadning unga qilingan xarajatga nisbatan bir necha baravar koʻpligi sabab bunga u qadar zarurat sezilmasa kerak.
Ayni kunlarda Nurota lavandazorlariga elektr energiyasi tarmoqlari tortilib, ekin maydonlarida yerlarni sozlash va unumdorligini oshirish ishlari olib borilmoqda.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring