Nurotada dam olish maskanlari yana bittaga koʻpaydi

14:53 06 Aprel 2022 Jamiyat
2348 0

Foto: Халқ сўзи

Navoiyga yoʻli tushgan mehmon Nurota “Chashma”sini ziyorat qilishni niyat etadi. U Markaziy Osiyodagi eng sersuv obi manba boʻlib, yaqin-yaqinlargacha nurotaliklar bir buloqdan suv ichishardi. Shu buloq atrofida hayot, shahar shakllangan.

Mehmonlarni “Chashma” majmuasida islomga qadar qurilgan antik- arxeologik yodgorlik - Nur qalʼasi ham oʻziga tortadi. Shuningdek, majmuadagi IX asrda qurilgan Chil ustun, XVI asrga tegishli Panj vaqta masjidlari, sal naridagi yuz-yuzlab kilometrga choʻzilgan korizlar — barcha-barchasi Nurota tumanining allaqachon tashrif yorligʻiga aylangan.

— Mamlakatimiz rahbari Nurotaga ilk tashrifidayoq (2016-yili) “Chashma” majmuasi xalqimizning betakror maʼnaviy boyligi, mamlakatimizda ziyorat sayyohligining jozibador manzillaridan biri ekanligini taʼkidlab, sayyohlik industriyasining bugungi talablari asosida mijoz taʼbiga mos infratizim hamda servis va xizmat koʻrsatishning barcha qulayliklarni yaratish vazifalarini belgilagan edi, — deydi Nurota tumani hokimi oʻrinbosari Shuhrat Vafoyev. — Ushbu koʻrsatmalar asosida majmuaning atrofi toʻliq ochilib, “Chashma” ulugʻvorligini taʼminlash va sayyohlar uchun qulaylik yaratish maqsadida kompleks bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Yaʼni hududda noziktaʼb sayyohlar didiga mos mehmonxonalar qurilib, zamonaviy landshaftni taʼminlovchi alleya, favvoralar atrofida koʻshk koʻrinishidagi soʻrilar barpo etildi. Natijada endi ushbu xiyobonga yetmasdanoq “Chashma” salobat bilan koʻzga tashlanadi. Ushbu tadbirlar tufayli “Chashma” tarixiy meʼmoriy majmuasining maftunkorligi yanada ortib, shahar aholisining ham koʻngildagidek dam olish maskaniga aylandi.

Nurotaga kelgan kishida uning soʻlim tabiati bagʻrida dam olish istagi ham tugʻiladi. Ayniqsa, shu kecha-kunduzda Qoraqargʻa dovonidan to Dehibaland qishlogʻigacha boʻlgan qariyb 15 kilometrlik yoʻlning yoqasi ziyoratdan qaytayotib, koʻm-koʻk tabiat bagʻrida dam olayotganlar bilan toʻlib ketgan.

Ushbu sayyohlarga qulaylik yaratish hamda ularning maroqli dam olishlarini taʼminlash maqsadida Dehibaland qishlogʻi va Gʻozgʻon shahri chorrahasida “Koʻhna Nurota bogʻlari” MCHJ tomonidan “Karavan” ekoturizm dam olish maskani barpo etildi. Majmua oʻnta sendvich panelli eko-uy, 2ta oʻtov, restoran, yozgi va qishki saunalar hamda yopiq basseyndan iborat.

Dam olish maskanining ochilish marosimida ushbu qulayliklar tumanning sayyohlik jozibadorligini yanada oshirib, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratilishida muhim omil boʻlayotgani taʼkidlandi. Darvoqe, Nurotada sayyohlik infratizimidagi bunyodkorliklar tufayli ziyoratchilar oqimi soʻnggi besh yilda qariyb 18 baravarga oshgan.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер